O‘zbekiston Aralash jang san’atlari assotsiatsiyasi prezidentligiga nomzodlar orasida eng ko‘p ovoz to‘plagan Otabek Umarov saylandi. Bu haqda assotsiatsiyaning instagramdagi sahifasi orqali xabar berildi.

Assotsiatsiyaning saylangan rahbari GFC XX musobaqasida ishtirok etadigan sportchilar bilan uchrashib, mashg‘ulotlar jarayoni bilan yaqindan tanishdi. Shuningdek, u yerda faxriy sportchilar, chempionlar — O‘zbekistonlik MMA ishtirokchilari va sportning yana ko‘plab yetakchi vakillari ham hozir bo‘ldilar.

GFC XX musobaqasida O‘zbekistondan 8 nafar sportchi- Akmal Amirov, Avliyoxon Hamidov, Jahongir Jumayev, Ahliddin Mirzadavlatov, Nursulton Ro‘ziboyev, Jamshid Rahmonaliyev, Muzaffar Rajabov va Amin Ergashev qatnashadi.

Musobaqaning bo‘lg‘usi ishtirokchilari ta’kidlaganidek, sportchilarga professional ko‘mak beradigan bunday tashkilot faoliyat boshlagani muhim ahamiyatga ega. Ma’lumki, shu paytgacha ular aralash jang san’atlari bo‘yicha xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun hujjatlar tayyorlash jarayonida ko‘plab muammolarga duch kelishar, yirik musobaqalarni malakali murabbiylarsiz o‘tkazishar, bu esa, tabiiyki, psixologik va jismoniy tayyorgarlikda, tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarida jiddiy bo‘shliqni yuzaga keltirardi.

Otabek Umarov shu kabi masalalarni hal etib, vaziyatni o‘nglash uchun amaliy sa’y-harakatlar ko‘rish, O‘zbekistonda MMA rivojiga befarq bo‘lmagan homiylarni jalb qilishni ma’lum qildi. Assotsiatsiya rahbari hamkorlik qilishni istaydiganlar ko‘p bo‘lishiga ishonch bildirdi. Chunki aralash jang san’atlari bo‘yicha o‘zbekistonlik sportchilar allaqachon o‘zlarini jahon arenalarida ko‘rsata olishgan.

Ta’kidlash joizki, shu paytgacha aralash jang san’atlari bo‘yicha sportchilarning tibbiy-psixologik tarbiyasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Buning oqibatida ayrim nomaqbul holatlar ham ro‘y bergan. Shu sababli hozir assotsiatsiya oldida turgan asosiy vazifa sportchilarning kuch va jismoniy imkoniyatlarini o‘z ustida ko‘proq ishlash va musobaqalarda g‘alaba qozonishga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga yo‘naltirishdir. Buning uchun esa eng malakali xorijiy va mahalliy murabbiylar sportchilarimiz bilan ishlaydilar.