Tashkent City bog‘iga tashrif buyurgan fuqaro belgilanmagan joyga pista po‘choqlarini tashlagani uchun jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Fuqaro Sh. K.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 1-qismi (belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, eng kam ish xaqining yarim barobari (111,5 ming so‘m) miqdorda ma’muriy jarima qo‘llanildi

Xabarda qayd etilishicha, Toshkent City hududiga papiros qoldiqlari, baklajkalar, turli qog‘ozlar, hatto yaroqsiz batareyalarni tashlash uchun maxsus qutilar o‘rnatilgan. Shuningdek, ushbu hududda «Aqlli axlatdon» — «ZiMMER» kompleks chiqindi konteyneridan 2 dona o‘rnatilgan.

Xuddi shunga o‘xshash holat Andijonda ham sodir bo‘ldi. Viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi xodimlari ekologik reyd davomida bozor hududida qahva uchun mo‘ljallangan qog‘oz stakanni ariqqa tashlagani uchun B. Xudoyberdiyevni qo‘lga olishdi. Ushbu erkak ham 111,5 ming so‘m miqdorida jarimaga tortildi.