Fransuz aktyori Jerar Deparde O‘zbekistonning Fransiyadagi sayyohlik brendining elchisi etib tayinlandi. Bu haqda 11 noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Ipak yo‘lidagi turizm» Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi (TITF-2019) doirasi o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Tegishli sertifikat aktyorga maxsus tadbirda topshiriladi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Xabarda ta’kidlanishicha, Deparde o‘z tashabbusi bilan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini kengaytirish istagini bildirdi va uni nafaqat Fransiyada, balki butun dunyoda ommalashtirish niyatida.

O‘tgan hafta Jerar Deparde O‘zbekiston haqidagi hujjatli filmni suratga olish uchun Toshkentga kelgan. Hozir u Samarqandda bo‘lib turibdi. Filmning suratga olish ishlari Buxoro, Xiva, Termiz va Nukusda o‘tkaziladi va 26 noyabrga qadar davom etadi.