Mamlakatni qariyb 14 yil boshqargan Boliviya prezidenti Evo Morales oktyabrdan beri davom etayotgan norozilik namoyishlari ortidan iste’foga chiqishini e’lon qildi, deb xabar berdi RIA Novosti.

20 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan prezident saylovlaridan keyin mamlakatda tartibsizliklar boshlandi. Namoyishchilarga uchta yirik shaharda — Santa Kruz, Sukre va Kochabambada — politsiyachilar qo‘shildi. Qurolli kuchlar Moralesni mamlakatda barqarorlikni ta’minlash uchun o‘z lavozimini tark etishga chaqirdi.

Tartibsizliklarga ovozlarni sanab chiqish natijalari sabab bo‘lgan. Evo Morales birinchi turda g‘alaba uchun zarur bo‘lgan to‘siqni kichik farq bilan yengib o‘tib, to‘rtinchi muddatga saylandi. Uning asosiy raqibi Karlos Mesa esa bu natijalarni tan olmadi.

Yakshanba kuni norozilik namoyishlari paytida prezident yangi saylovlarni tayinladi, ammo keyin iste’foga chiqishini e’lon qildi. Televideniye orqali qilgan so‘nggi chiqishida Morales mamlakatdan qochmoqchi emasligini aytdi.

Meksika unga La-Pasdagi elchixonasidan boshpana taklif qildi. Mamlakat tashqi ishlar vaziri Marselo Ebrardning so‘zlariga ko‘ra, Boliviyaning yigirma nafar amaldori va deputatlari allaqachon u yerda.

Kuba, Venesuela, Meksika rahbariyati, shuningdek, Argentinaning saylangan prezidenti Alberto Fernandes hodisalarni davlat to‘ntarishi deb atadi va bo‘layotganlarni qoraladi.