Madaniyatga aloqador bo‘lish — nogironlikning turli shakllari bo‘lgan bolalar va kattalarning jamiyatdagi ijtimoiylashuvi va inklyuziyasi uchun samarali vositalardan biridir. San’atni o‘rganish ma’nan va intellektual jihatdan rivojlanishga sabab bo‘ladi. U insonga estetik qoniqish hissini beradi. Biroq O‘zbekistonda yashayotganlarning hammasi ham teatr, muzey yoki istirohat bog‘lariga tashrif buyura oladimi?

Avgust oyi oxirida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tashabbusi asosida nogironlar jamoat birlashmasi «Sharoit Plyus» NNT bilan ijtimoiy sherikchilikda poytaxtdagi sakkizta madaniyat muassasasida sinov tariqasida sharoitlar monitoringi o‘tkazildi.

Monitoring jarayoniga nogironlikning turli shakllari bo‘lgan odamlar rahbarlik qilishdi. Ular sakkizta ob’ekt: Alisher Navoiy nomidagi DAKT, Yoshlar teatri, O‘zbekiston tarixi muzeyi, G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i, Toshkent hayvonot bog‘i, Toshkent sirki, Ko‘zi ojizlar markaziy kutubxonasi hamda San’at va madaniyat institutiga kirishga harakat qilib ko‘rishdi.

Monitoring uchun maxsus 20 banddan iborat so‘rovnoma tuzib chiqildi. Ushbu so‘rovnoma asosida ishtirokchilar madaniyat ob’ektlari binolari va ularga tutash hududlarning tayanch-harakat apparati buzilishlari bo‘lgan odamlar uchun maqbulligi, shuningdek, ko‘rish va eshitish buzilishlari bo‘lgan odamlar uchun oqilona qulayliklar yaratilganiga baho berishdi.

Video

Nima sababdan nogironligi bor odamlar teatr va muzeylarga kam boradi?

Bizning har bir safarimiz eng yaqin avtobus bekatini o‘rganish va undan madaniyat muassasasigacha bo‘lgan masofani o‘lchashdan boshlandi. Bundan tashqari, yer osti o‘tish yo‘llarining sharoitlari va avtobekatlarning nogironligi bo‘lgan odamlar uchun maxsus jihozlangani ham bizni qiziqtirdi. Bularning barchasi shahar ijtimoiy infratuzilmalari ob’ektlariga taalluqli bo‘lib, barcha sakkizta holatda ham monitoring guruhi ko‘plab to‘siqlarga duch keldi.

Biroq barchasi ham yomon emas, sakkizta ob’ekt ichida sharoitlar bo‘yicha chempion ham bor — Alisher Navoiy nomidagi DAKT. Gap shundaki, 2015 yilda teatr binosida kapital ta’mir ishlari yakuniga yetdi va unda nogironligi bor insonlar uchun sharoitlar bo‘yicha barcha me’yorlarga rioya qilingan. Teatr binosi 1947 yilda qurilgan va rekonstruksiyaga qadar bunday talablarga muvofiq kelmagan.

Endilikda teatrning asosiy kirish qismi va foyesi qiyalik burchagi talablarga mos bo‘lgan pandus bilan ta’minlangan. Hojatxona xonasi harakati cheklangan fuqarolar uchun moslashtirilgan — unitazdan foydalanish qulay bo‘lishi uchun tutqichlar o‘rnatilgan. Tomosha zali markazida nogironlar aravachasi foydalanuvchilari uchun ikkita yon maydonchalar, ularga hamrohlik qiluvchilar uchun esa qo‘shni o‘rindiqlar nazarda tutilgan.

Alisher Navoiy nomidagi DAKTdan so‘ng biz yana bir teatr — O‘zbekiston Yoshlar teatriga yo‘l oldik. U yerda darhol — asosiy kirish qismidayoq foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lgan yangi pandusga duch keldik. Uning qiyalik burchagi va konstruksiyasi nogironlik aravachasi foydalanuvchisiga teatrning asosiy kirish qismiga mustaqil ravishda ko‘tarilishga imkon bermaydi. Yana bir to‘siq foyeda — u yerda pandus yo‘q va uch erkak monitoring guruhimiz ishtirokchisini ko‘tarib tushirishga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekiston Yoshlar teatri asosiy kirish qismidagi yaroqsiz pandus, 2019 yil avgust. Muallif fotosi.

Yoshlar teatrida na sharoitlari bor hojatxona, na tomosha zalida nogironlik aravachasi foydalanuvchisi uchun maxsus maydoncha mavjud. Teatr direktori bizning nogironligi bo‘lgan tomoshabinlar kelib turadimi, degan savolimizga javob berar ekan, ular kamdan-kam kelishi va asosan maktab-internati tarbiyalanuvchilari ekanini ta’kidladi. Biroq nima uchun nogironligi bo‘lgan bolalar va yoshlar teatrga kam tashrif buyuradi? Balki bu uning sharoitlari yo‘qligi bilan bog‘liqdir?

O‘zbekiston tarixi muzeyiga kirish juda qiyin bo‘ldi — muzeyga tutash barcha hududlar ko‘p sonli zinapoyalardan iborat, piyodalar yo‘laklari bir necha qator avtomobillar bilan to‘lgan. Nogironlar aravachasi foydalanuvchisi uchun yagona kirish imkoni, bu — yon tomondagi xizmatchilar uchun kirish joyi bo‘lib, u yerni nogironligi bo‘lgan odamlar uchun moslab qayta jihozlash mumkin. Yon tomondagi maxsus kirish joyi haqidagi axborot-ko‘rsatkich belgisini ilish va ushbu xizmatchilar kirish joyiga eltuvchi ikki pog‘onali pandus o‘rnatilsa, kifoya.

Avtoturargoh va zinalar orqali — tarixga. O‘zbekiston tarixi muzeyining asosiy kirish qismi, 2019 yil avgust. Muallif fotosi.

Muzey binosi 1970 yilda qurilgan bo‘lib, asosiy kirish qismini ko‘tarish mexanizmlari bilan jihozlash serxarajat va juda murakkab ish. Shuningdek, bu binoning me’moriy qiyofasiga zarar yetkazishi mumkin. Shu boisdan eski binolarni moslashtirishga ijodiy yondashish hamda hammaboplikni ta’minlashning kam xarajatli va xavfsiz usullarini izlagan ma’qul, masalan, yon tomonlardagi xizmatchilar uchun kirish joylarini qayta jihozlash orqali.

Muzeyning birinchi qavatida ko‘rgazma galereyasi joylashgan, qolgan uchta qavat esa tashrif buyuruvchilarni tarixning turli davrlari bilan tanishtiradi. Yo‘lovchi lifti nosoz ekan va o‘zini ham muzey eksponatlari qatoriga qo‘shish mumkin bo‘lgan yuk ko‘tarish liftidan foydalanishimizga to‘g‘ri keldi. Biz faqat uchinchi qavatga ko‘tarila oldik, chunki ikkinchi va to‘rtinchi qavatlarga kirish berkitilgan ekan. Muzey hojatxonasi yaroqsiz — xonachalar juda tor bo‘lib (60 sm), u yerga nogironlik aravachasidagi tashrif buyuruvchi kira olmaydi.

Nima uchun madaniyat muassasalari sharoitlar yo‘qligicha qolmoqda?

Barcha yangi bino va inshootlarning nogironligi bor odamlar uchun sharoitlar talablari hisobga olingan holda qurilishi lozimligi 1991 yildagi «O‘zbekiston Respublikasida nogironlarning ijtimoiy himoyalanganligi to‘g‘risida"gi qonunдаhamda qurilish me’yorlari va qoidalarida belgilab qo‘yilgan. Bu talab madaniyat va istirohat muassasalariga ham taalluqli. To‘siqsiz kirishni ta’minlamagan qoidabuzarlar ma’muriy javobgarlikka tortilishi lozim.

Ko‘plab madaniy meros ob’ektlari 1990-yillargacha qurilgan va ularda to‘siqsiz muhit talablari ko‘zda tutilmagan. Bu esa madaniyat muassasalarini nogironligi bor odamlar va harakati cheklangan boshqa fuqarolar uchun rekonstruksiya qilish va qayta jihozlashtirishni qiyinlashtiruvchi omillardan biridir.

Yana bir sabab shundaki, madaniyat ob’ektlari aksariyat hollarda davlat tomonidan qo‘riqlanuvchi me’moriy yodgorliklar hisoblanadi va ularni nogironligi bor insonlar uchun sharoitlar talablariga moslashtirish ko‘plab idoralar bilan inshoot qiyofasiga o‘zgartishlar kiritish ishlarini muvofiqlashtirish va bunga rozilik olish zarurligi sababli murakkab vazifa hisoblanadi.

Mahalliy ma’muriyatlarning sharoitlar to‘g‘risidagi xabardorligining pastligi yoki shunchaki xohlamaslik ham sabablardan biri bo‘lishi mumkin. Toshkent hokimiyati huzuridagi Jamoatchilik kengashining «Shahar barcha uchun» loyihasiga germaniyalik arxitektor va nogironligi bor insonlar uchun sharoitlar yaratish bo‘yicha mutaxassis Filipp Moyzerning jalb qilinishi kishida umid uyg‘otadi. Loyihada Toshkent misolida binolarni moslashtirish bo‘yicha qo‘llanma ishlab chiqish, 20 ta ijtimoiy ahamiyatga ega ob’ekt tahlili va ularning to‘rttasini moslashtirish ko‘zda tutilgan.

Nima uchun hammaboplik hayriyadan ko‘ra muhimroq?

Biz monitoringni davom ettirar ekanmiz, Toshkentdagi maydoni bo‘yicha ikkinchi yirik istirohat bog‘i — G‘afur G‘ulom nomidagi madaniyat va istirohat bog‘iga tashrif buyurdik. To‘rtta kirish joyidan faqat asosiy darvozagina nogironligi bor insonlar talablariga javob beradi. Qolgan ikki kirish joyi pandus bilan ta’minlangan, biroq ular qiyalik burchaklari belgilangan me’yorlardan ancha baland qilib qurilgan. Yon tomondagi yana bir kirish joyi esa mutlaqo pandus bilan jihozlanmagan.

Bog‘dagi uchta jamoat hojatxonasining birortasi ham aravachada harakatlanadigan tashrif buyuruvchilar uchun moslashtirilmagan. Hojatxonaga qarovchi ayol baqir-chaqir qilib bizni haydab solar ekan, faqat biz yetishmay turganimizni va biz bilan to‘qnashgandan ko‘ra o‘lgani yaxshi ekanini aytardi. U oxirida: «Nega siz sharoitlari bor hojatxona talab qilayapsiz, go‘yoki „invalidlar“ har kuni parkka keladigandek», degan gaplarni qo‘shimcha qilib o‘tdi. Biroq, albatta, sharoitlar yo‘qligi uchun javobgarlik to‘liq bog‘ ma’muriyatining zimmasida qolaveradi.

Bog‘dagi hojatxonaga kirish uchun bir qancha zinapoyalarni bosib o‘tish kerak. Biroq tayanch-harakat apparati buzilishi bo‘lgan tashrif buyuruvchi hatto ichkariga kirgandan keyin ham polga o‘rnatilgan unitazdan («Genuya» chanoqlaridan) foydalana olmaydi. Istirohat bog‘ida bolalar mashinalari saqlanayotgan omborxonadagi bir dona unitazgina bor ekan.

Nogironlik aravachasidan foydalanuvchi «Sharoit Plyus» NNT a’zosi bog‘da sharoitlari bor hojatxona bo‘lmagani sababli jiddiy noqulaylikni boshdan kechirdi. Hojatxonaga qarovchi o‘sha baqiroq ayol unga yordam berishdan bosh tortdi va bino orqasidagi archazorda hojatini chiqarishi mumkinligini aytdi. Bu joy juda sirpanchiq va maysalar sug‘orilgan suv bilan to‘la ekan. Natijada monitoring ishtirokchisi sirpanib, suvga yiqilib tushdi.

Uni uyga kuzatish uchun taksi to‘xtatar ekanmiz, birorta ham haydovchi shimi xo‘l bo‘lgani sababli uni salonga olishni istamadi. Bunday ma’naviy zarar va kamsitilish uchun kimni sudga berish kerak? Albatta, bog‘ rahbariyatini.

Angliyada paralimpiya atletika sportchisi poyezda sharoitlari bor hojatxona nosoz holda bo‘lgani sababli katta miqdorda moliyaviy tovon pulini sud orqali undirib olgan. Yakunda Buyuk Britaniya Transport vazirligi nogironligi bo‘lgan odamlarni bevosita jalb etgan holda transport infratuzilmalarining sharoitlari bo‘yicha reja ishlab chiqishga majbur bo‘ldi.

Bog‘ ichidagi sayr uchun mo‘ljallangan yo‘laklar nafaqat nogironligi bo‘lgan tashrif buyuruvchilar, balki nogironligi yo‘q odamlar uchun ham xavfli. Muallif fotosi, 2019 yil avgust.

Bizni to‘satdan bir erkak to‘xtatib, o‘zini bog‘ning qo‘riqlash xizmati boshlig‘i deb tanishtirdi. U bog‘ning ijobiy obro‘siga zarar yetkazmasligimizni so‘rab, rahbariyat xalqaro nogironlar va bolalar kunlari, shuningdek boshqa milliy bayramlar munosabati bilan xayriya aksiyalarini o‘tkazishini ta’kidladi. Albatta, bunday tadbirlar hurmatga loyiq.

Biroq bir martalik bayram madaniyat sohasidagi inklyuziya tamoyillariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu kabi xayriya aksiyalari ko‘p hollarda nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalar uchun maxsus tashkil etiladi va ularda tadbir dasturlarini tanlash imkoniyati bo‘lmaydi. Umid qilamizki, G‘afur G‘ulom bog‘i muammoga yondashishda xayriya aksiyalarigagina suyanib qolmasdan, rekonstruksiyadan keyin hech bo‘lmasa bitta hojatxonada sharoitlar yaratish orqali uni haqiqatdan ham «xalq» bog‘iga aylantiradi.

Hojatxonalarda sharoitlar yo‘qligi muammosi hozirda rekonstruksiyada bo‘lgan Toshkent sirki uchun ham dolzarb.

Nima uchun ularning joyi har doim tomosha zalida, sahnada emas?

Madaniyat sohasidagi asosiy ta’lim muassasalaridan biri hisoblangan O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti navbatdagi monitoring ob’ekti bo‘ldi. Institut hududida 11 ta bino, jumladan o‘quv teatri, rektorat, ikkita o‘quv binosi, axborot-resurs markazi (kutubxona), uchta yotoqxona, oshxona, sport majmuasi va basseyndan iborat. Butun institutda sharoitlar monitoringini o‘tkazishimiz uchun uch soat sarfladik.

Madaniyat va san’at instituti hududining xarita-sxemasi, muallif fotosi, 2019 yil avgust.

Institutning yangi binosi 2015 yilda qurilgan va hamma yerga qurilish me’yorlariga bir oz yaqin bo‘lgan tutqichli panduslar o‘rnatilgan. Asosiy o‘quv binosida bitta lift o‘rnatilgan va uni maxsus biz uchun ochishdi. Liftga kirish qismi tor va talablariga javob bermaydi. Rektoratning ikkinchi qavatida ham o‘quv xonalari va asosiy kafedralar joylashgan, biroq binoda lift yo‘q.

O‘quv teatrida kirish qismi keng va tutqichlari bo‘lgan sharoitlari bor hojatxona qurishibdi. Biroq tomosha zalida nogironlik aravachasidan foydalanuvchi tashrif buyuruvchilar uchun joy ko‘zda tutilmagan. Bunday tomoshabinlar odatda sahnaga yaqin joydagi kirish eshigi oldiga «o‘tqaziladi», biroq bunday qilish boshqa tomoshabinlarning o‘tib-qaytishiga xalal beradi, favqulodda qutqaruv vaqtlarida esa juda ham xavfli bo‘lishi mumkin. Shu sababdan favqulodda holatlarda boshqalarga to‘sqinlik yaratmaslik uchun tomoshabinlar qatoridan maxsus maydoncha ajratish zarur.

Bundan tashqari, o‘quv teatri sahnasi va aktyorlik mahorati o‘quv binosi jismoniy nogironligi bo‘lgan odamlar uchun mutlaqo yaroqsiz. Go‘yoki nogironlik aravachasidagi odam teatr yoki kino aktyori bo‘la olmaydi, degan taassurot uyg‘onadi. «Aktyorlik san’ati» yo‘nalishi bo‘yicha o‘qituvchilar aktyorga plastika va chiroyli harakat kerakligini tushuntirishmoqchi bo‘lishdi. Biroq nogironlik aravachasi foydalanuvchisi qanday qilib chiroyli harakatlanishi mumkin?! Bundan ushbu yo‘nalishda nogironligi bo‘lgan birorta ham talaba ta’lim olmasligi ma’lum bo‘ladi.

Institut hududidagi bu pandusdan chiqish uchun nogironlik aravachasi foydalanuvchisi bemisl kuchga ega bo‘lishi kerak. Muallif fotosi.

Afsuski, yotoqxonalarning yuqori qavatlarida sharoitlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi — binolarda lift yo‘q. Bundan tashqari, erkaklar yotoqxonasidagi va hamma yerdagi hojatxonalarga pol unitazlari o‘rnatilgan. Qizlar yotoqxonasining birinchi qavatida nogironligi bo‘lgan talaba yashashi mumkin bo‘lgan bittagina xona mavjud bo‘lib, u ham talablarga to‘liq javob bermaydi — hojatxona eshigi tor, unitaz va dush uchun tutqichlar o‘rnatilmagan.

Madaniy kontent hammabopligini qanday qilib ta’minlash mumkin?

Nafaqat madaniyat muassasalari bino va hududlarining jismoniy sharoitlari borligi, balki madaniy kontent ham ko‘rish va eshitish qobiliyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun maqbul formatlarda bo‘lishi lozim.

Masalan, Alisher Navoiy nomidagi DAKT va Yoshlar teatri ko‘zi ojiz tomoshabinlar uchun tifloizoh (audiodeskripsiya) tizimi bilan ta’minlanmagan. Ushbu tizimsiz esa sahnada aktyorlar qanday harakatlarni amalga oshirayotganini to‘liq tushunib bo‘lmaydi.

Eshitish qobiliyati cheklangan tomoshabinlar uchun esa spektakllar, filmlar va televizion dasturlar avtomat ravishda subtitrlanishi lozim. Bizning monitoring guruhimiz tashrif buyurgan ikkita teatrda sahnalar tepasiga o‘rnatilgan ekran yordamida barcha uchun subtitrlarni ochiq namoyish etish imkoniyati mavjud. Xorij mamlakatlarida maxsus subtitrlar yozib chiqariladigan planshetlarni tarqatish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bu nafaqat eshitishida nuqsoni bo‘lgan tomoshabinlar, balki spektaklni ingliz tilida tomosha qilish istagidagi chet ellik sayyohlar uchun ham qulay.

Zaif eshituvchi tomoshabinlar uchun esa maxsus induksion ilgak (induksionnaya petlya) o‘rnatilishi lozim. Bu qurilma aktyorlarning ovozlarini, konsert paytida musiqani va kinoteatrda film tovushlarini qayta ishlaydi va «teleg‘altak» yoki qisqacha «T» rejimida turgan eshitish moslamasiga shovqinlardan holdi holatda yetkazib beradi. Shunday qilib, zaif eshituvchi odam hatto oxirgi qatorda o‘tirsa ham, u spektaklni to‘liq eshitish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Madaniyat muassasalardagi ovozli xabarlar ham xuddi shu tarzda eshitish uskunalariga yetkazilishi mumkin. Madaniyat muassasalariga eshitish qobiliyati cheklangan tashrif buyuruvchilar uchun aylanib turuvchi yozuvli axborot taxtasini ham o‘rnatsa bo‘ladi.

O‘zbekiston tarixi muzeyida ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar muzey eksponatlari va kolleksiyalari haqida to‘liq tasavvur hosil qilishlari uchun muzey buyumlari maketlari va taniqli shaxslarning byustlarini yaratish mumkin. Muzeyda, shuningdek, ko‘zi ojiz tashrif buyuruvchilar uchun interaktivlik va taktil sezgini kuchaytirish maqsadida maxsus ta’lim olgan gidlar va ovozli hamrohlik usuli yordamida qiziqarli yo‘nalishlar ishlab chiqish mumkin. Eksponatlar haqida Brayl yozuvida ma’lumotlar berish ham oqilona qulayliklardan biri hisoblanadi.

Toshkent hayvonot bog‘iga turli hayvonlar saqlanayotgan joylarga eltuvchi hududlarning taktil mnemosxemasini o‘rnatish maqsadga muvofiq. Bundan tashqari, yo‘laklarga ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan tashrif buyuruvchilar uchun sariq taktil plitkalar o‘rnatib chiqish mumkin.

Taktil plitkalarni Respublika markaziy ko‘zi ojizlar kutubxonasidan eng yaqin avtobus bekatiga qadar bo‘lgan yo‘lga ham joylashtirib chiqish kerak. Bunday bo‘rtma belgili qoplamalar ko‘rish bo‘yicha nogironligi bo‘lgan bir necha talaba tahsil olayotgan Madaniyat instituti hududiga ham joylashtirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Ko‘zi ojizlar kutubxonasining mutolaa zali va barcha kitob fondi ikkinchi qavatda joylashgan bo‘lib, binoda lift yo‘q. Hojatxona birinchi qavatda joylashgan, biroq nogironligi bor odamlar foydalanishi uchun unchalik ham qulay emas, shuningdek, sanitariya-gigiyena talablariga javob bermaydi.

Sharoitlar monitoringi yakunlari bo‘yicha «Sharoit Plyus» NNT barcha sakkizta madaniyat muassasasi rahbarlari va xodimlari uchun treninglar o‘tkazdi. Ishtirokchilar madaniyat muassasalarida nogironlikning ijtimoiy modeli va inklyuziya masalalari bilan tanishtirildi. Natijada ishtirokchilar o‘z muassasalarida sharoitlar va oqilona qo‘layliklarni ta’minlash maqsadida kelgusi olti oy uchun dastlabki harakatlar rejasini ishlab chiqishdi.

Madaniyat ob’ektlarida sharoitlar kim uchun zarur?

2015 yilda Jahon turistik tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan «O‘zbekistonda turizm tahlili» tadqiqotlar natijalari mamlakatimizga tashrif buyuruvchi sayyohlarning aksariyati (42 foizi) 55 va undan katta yoshli odamlar ekanini ko‘rsatdi. Sayyoh O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish uchun vaqtni qanday topdi, degan savolga ikkinchi bo‘lib «Men pensiyadaman» javobi eng ko‘p berilgan. Keksa yoshli turistlarning aksariyati nogironligi bor insonlar kabi harakatlanishi cheklangan guruhlarga mansub bo‘lib, sharoitlari bor madaniy va turistik ob’ektlarga ehtiyoj sezadi.

Diqqatga sazovor joylar, muzeylar, tarixiy yodgorliklarning jismoniy sharoitlari borligi haqida bosh qotirish, jamoat joylarida sharoitlari bor hojatxonalar qurish, foydalanishga yaroqli panduslar, ko‘tarish qurilmalari va boshqa amaliy choralarni ko‘rish zarur. Keksa yoshlilar, homilador ayollar, bolalar aravachalari bo‘lgan ota onalar va maktabgacha yoshdagi bolalar uchun ham bunday sharoitlar zarur.

Madaniy, rekreatsion va sayyohlik obe’ktlarida sharoitlarni ta’minlanishi nogironligi bor odamlar uchun ham, aholining harakatlanishi cheklangan guruhlari uchun ham, mamlakatimiz mehmonlari uchun ham foydali. «Universal turizm», «hammabop turizm» va «to‘siqlarsiz turizm» kabi tushunchalar ulkan biznes salohiyatni anglatadi.

Bu, o‘z navbatida, sayyohlik ob’ektlari jozibadorligini oshirish va turizm sohasini rivojlantirish uchun o‘ziga xos sarmoya hisoblanadi. Oxir-yakunda madaniyat ob’ektlaridagi sharoitlardan barcha — davlat byudjeti, turizm sohasidagi xususiy tadbirkorlar, sayyohlarning o‘zlari va aholining ijtimoiy zaif qatlamlari yutadi.

Barcha uchun madaniyat muassaslarida sharoitlarni qanday ta’minlash mumkin?

Butun respublikada 37 ta teatr, 350 ta muzey, 225 ta madaniyat va istirohat bog‘lari, 7476 ta madaniy yodgorlik ob’ektlari va boshqa muassasalar Madaniyat vazirligi tasarrufi ostida faoliyat ko‘rsatmoqda. Bizning monitoring poytaxt teatrlari, muzeylari, parklari va boshqa madaniyat ob’ektlari nogironligi bor odamlar va aholining harakatlanishi cheklangan boshqa guruhlari uchun naqadar noqulay ekanini ko‘rsatdi. Ko‘rinib turibdiki, to‘siqlarsiz madaniy muhitni shakllantirish bo‘yicha ishlar hali boshlang‘ich bosqichda turibdi.

O‘zbekiston 2009 yilda imzolagan, biroq haligacha ratifikatsiya qilmagan BTMning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 30-moddasiga ko‘ra, ishtirokchi davlatlar nogironligi bo‘lgan odamlarning madaniy hayotda teng huquqli asosda ishtirok etish, dam olish va ko‘ngil yozish, shuningdek, sport bilan shug‘ullanishga bo‘lgan huquqlarini tan olishi, ushbu huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha zarur choralarini amalga oshirishlari lozim.

Shu maqsadlarda Madaniyat vazirligi 2020−2021 yillarda madaniyat va san’at muassasalarida inklyuziya dasturini ishlab chiqmoqda. Sentyabr oyi oxirida Vazirlar Mahkamasi «Inklyuzivlikni hisobga olgan holda madaniyat va san’at muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida"gi qaror loyihasini xalq muhokamasi uchun e’lon qildi.

1−3 noyabr kunlari Samarqandda madaniyat muassasalarining nogironligi bor insonlar uchun sharoitlar to‘g‘risida jamoatchilik xabardoriligini oshirish maqsadida birinchi xayriya yarim marafoni o‘tkazildi. To‘plangan mablag‘lar Toshkentdagi teatrlardan birini tifloizoh tizimi bilan ta’minlash hamda mutaxassislarni o‘qitishga sarflanadi.

Belgilangan maqsadlarga erishish uchun «Ijtimoiy sherikchilik to‘g‘risida"gi qonun asosida nogironigi bor odamlarni bevosita jalb etgan holda barcha turdagi madaniyat muassasalarida sharoitlar monitoringini doimiy ravishda o‘tkazish amaliyotini joriy etish lozim. Monitoringlar natijalari madaniyat muassasalari hammabopligi reytingini, shuningdek, madaniyat, sport va xordiq chiqarish ob’ektlarida inklyuziv muhitni rivojlantirish bo‘yicha eng yaxshi viloyatlar va tumanlar reytingini tuzishga imkon beradi.

Barcha sakkizta madaniyat muassasasida — monitoring ob’ektlarida biz nogironligi bor xodimlar ishlaydimi, deb so‘radik. Sirkning to‘rt yuz shtat xodimidan faqatgina eshikbonda nogironlik bor ekan. Nima uchun nogironligi bo‘lgan odam, masalan, kassalarda ishlashga jalb etilmaydi?

Madaniyat vazirligi tasarrufidagi ko‘plab ob’ektlar davlat muassasalari hisoblanib «Nogironlarning ijtimoiy himoyalanganligi to‘g‘risida"gi qonunning 25-moddasida belgilangan nogironligi bor shaxslarni 3 foizlik kvota asosida ishga qabul qilish bo‘yicha majburiyatni bajarishlari shart. Nogironligi bo‘lgan madaniyat xodimlarining mavjudligi ushbu muassasalarda to‘siqsiz muhitni yaratish ijobiy ta’sir ko‘rsatib, madaniyat hammabopligini ta’minlash uchun o‘ziga xos turtki vazifasini ham bajarar edi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya ishtirokchi davlatlarni nogironligi bo‘lgan odamlarning nafaqat o‘zlari, balki butun jamiyat farovonligi uchun o‘z ijodiy, badiiy va intellektual salohiyatini yuzaga chiqarish va rivojlantirishlari uchun imkon beradigan choralarni amalga oshirish majburiyatini yuklaydi.

Bizning hayotimiz, bu — sahna va sahna inklyuziv bo‘lishi kerak. Aktyorlik mahorati har xil bo‘lishi mumkin va nogironlik aravachasi foydalanuvchisiga unda bu narsa yo‘qligini aytish uni tahqirlash bilan tengdir. Barcha insonlarning harakatlanishida go‘zallik bor.

Kino va teatrda nogironligi bo‘lgan qahramonlar rolini nima uchun nogironligi bo‘lmagan odamlar ijro etadi? Nima uchun biz nogironligi bo‘lgan insonlarga aktyor bo‘lish va o‘zlarini o‘zlari ijro etishlariga imkon bermaymiz? Nima uchun biz ularni ijodiy jamoalarga deyarli qo‘shmaymiz, axir «Ilhom» teatrida «Inklyuziv teatr» laboratoriyasi buni amalga oshirdiku?!

Zero, inklyuziv ijodiy loyihalar tolerantlikni va barcha uchun madaniyat muassasalarida sharoitlar muammolariga befarq bo‘lmaslikni keng yoyadi.

Muallif fikri tahririyat hamda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi fikriga mos kelmasligi mumkin.

Dilmurod Yusupov — Sasseks universiteti (Buyuk Britaniya) Taraqqiyot tadqiqotlari instituti doktoranti.

Ulug‘bek Mamatxonov — O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati Markaziy boshqaruvi tashkiliy-ijtimoiy bo‘lim yetakchi mutaxassisi.