O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi va Xitoyning Beijing Hong Tianli Pharmaceutical kompaniyasi o‘rtasida sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtikani rivojlantirish ko‘zda tutilgan memorandum imzolandi. Hujjat 5 noyabr kuni Toshkentda palata raisi Ravshan Izamov va xorijiy kompaniya prezidenti U Sinze tomonidan imzolandi, deya xabar beradi «Gazeta.uz»ga palata matbuot xizmati.

Mazkur kompaniya an’anaviy xitoy tibbiyot retseptlari asosida dorivor o‘simliklar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan. Hujjatga ko‘ra, kompaniya Xitoydan dori-darmonlarni O‘zbekistonga yetkazib beradi, «bozor o‘rganilganidan so‘ng respublikada dorivor mahsulotlarni ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etish rejalashtirilmoqda», — deyiladi matbuot xizmati ma’lumotida.

Memorandumda qayd etilishicha, kompaniya shuningdek, reabilitatsiya shifoxonasi va an’anaviy tibbiyotga asoslangan sanatoriy-kurort shaharchasini ham ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.

Shu bilan birgalikda, tomonlar birinchi bosqichda diabet, gipertoniya, yurak-qon tomir kasalliklari va jigarning turli xil xastaliklarini davolashga qaratilgan, dorivor o‘simliklardan tayyorlangan besh turdagi dori vositalarini targ‘ib qilishga kelishib oldilar.

«Bozor tahlili ijobiy prognoz bersa, Xitoy tomoni 2020−2024 yillarda asta-sekin respublikaga 100 million dollar miqdoridagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilishni rejalashtirmoqda», — deyiladi xabarda.