Ijtimoiy tarmoqlar orqali Samarqand shahar 40-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ayrim sinfxonalaridagi ta’mirtalab holat aks etgan video tarqaldi. Bu haqda Samarqand viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu holat viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi xodimlaridan iborat ishchi guruhi a’zolari tomonidan o‘rganilganda ayni paytda 40-umumta’lim maktabida bunday sinfxona yo‘qligi ma’lum bo‘ldi.

1420 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olayotgan mazkur umumta’lim maktabida 25 ta sinfxona mavjud bo‘lib, ular 2017 yil iyun oyida to‘liq ta’mirlangan. Video esa bundan uch yil avval tasvirga olingani ma’lum bo‘ldi.

O‘tgan yillar davomida maktabga viloyatdagi tugatilayotgan kasb-hunar kollejlaridan parta va stol-stullar olib kelingan. Bu boradagi muammolar ham oldindan bartaraf etilgan.