8 noyabr kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Dilshod Axatov Turkiyaning favqulodda va muxtor elchisi Er Mehmet Surayyani joriy yil 23 sentyabr kuni Anqarada O‘zbekiston fuqarosi Nodira Qodirovaning o‘limi bilan bog‘liq vaziyatga tushuntirish olish uchun taklif qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Elchi O‘zbekiston fuqarosi vafotiga olib kelgan fojiali voqea munosabati bilan samimiy hamdardlik bildirdi va hozirgi paytda Turkiyaning tegishli idoralari har tomonlama va sinchkovlik bilan tergov o‘tkazayotganini, ushbu ishga doir barcha holatlar o‘rganilayotganini qayd etdi.

Elchi tergov ob’ektiv olib borilishi, O‘zbekiston tomoni esa tezkor va muntazam tarzda tergovning borishi va natijalari to‘g‘risida xabardor qilinishini ma’lum qildi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 23 yoshli Nodira Qodirova hukmron «Adolat va taraqqiyot partiyasi» deputati, iste’fodagi general-mayor Sirin Unalning uyida enagalik qilgan. U ish joyida deputatga tegishli to‘pponcha bilan o‘z joniga qasd qilgan.

Avvalroq O‘zbekistonning Turkiyadagi elchixonasi vatandoshimizning fojiali o‘limi bilan bog‘liq vaziyat nazorat ostida ekanini ma’lum qilgan edi. Anqara prokuraturasi tergov tadbirlari olib borilayotgani, jumladan, guvohlar so‘roq qilinmoqda, telefon so‘zlashuvlar va elektron yozishlamalar mazmuni o‘rganilayotgani xabar qilindi.