Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi jamiyatga murojaat qilgan 645 dan ziyod fuqarolarning har biridan 27 mln so‘mdan 32 mln so‘mgacha bo‘lgan pul mablag‘larini jamiyat balansiga kirim qilish yo‘li bilan jami 12 mlrd so‘mdan ortiq pul mablag‘larni qo‘lga kiritib, ushbu pul mablag‘larni shaxsiy manfaatlari yo‘lida sarflab yuborishgan. Bu haqda O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati xabar qildi.

Ayni paytda xususiy bandlik firmasining mansabdor shaxslariga nisbatan kelib tushgan murojaatlar yuzasidan vazirlik huzuridagi Tergov departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi ya’ni, aldash va ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan o‘zganing juda ko‘p miqdordagi mulkini qo‘lga kiritish holati yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, Koreya Respublikasi fuqarosi Kang Nam Kyu ham gumondor sifatida jinoyat ishiga jalb qilindi.

Jinoyat ishi yuzasidan olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida fuqarolarning mol-mulkini jinoiy tajovuzdan himoyalash va MCHJ faoliyatining shaffofligini o‘rganish maqsadida moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan hujjatli taftish tayinlandi.

Jamiyat direktori Qaxramon Otaqulov, Musurmon Alikulov va Odil Kabulovlarga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan ayblov e’lon qilinib, «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Hozirda mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda va natijasiga ko‘ra qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni undirish choralari ko‘riladi.

Avvalroq Human bandlik agentligi 52 fuqaroni xorijda ishga joylashtirishga va’da qilib, jami 1,67 mlrd so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani ma’lum qilingan edi.