O‘tgan juma kuni Kuritiba federal sudi korrupsiya va pul yuvishda ayblanib, qamoq jazosini o‘tayotgan Braziliyaning sobiq prezidenti Luis Ignasio Lula da Silvani hibsdan ozod qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar beradi RIA Novosti.

Sud «jinoyat uchun jazo va ozodlikdan mahrum qilish jazosini davom ettirish uchun asos yo‘qligi sababli» hukmni bekor qilish kerakligini ma’lum qildi.

Da Silva advokatlarining ma’lum qilishicha, Oliy sudning qarori «sobiq prezidentning adolatsiz ravishda 579 kun qamoqda saqlanganligini tasdiqlaydi». Uning himoyachilari sobiq prezidentning noqonuniy xatti-harakatlar qilmaganiga va siyosiy ta’qib uchun foydalanilishi mumkin bo‘lgan qonun qurboni bo‘lganiga ishonishlarini bildirdilar.

2017 yil iyul oyida Braziliya sudi Luis Inacio Lula da Silvani korrupsiyada ayblagan holda 9,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi. U jumladan OAS qurilish kompaniyasidan taxminan 1,1 million dollar pora olganlikda ayblangan. Mazkur mablag‘lar San-Paulu shtatidagi Guaruja shahrida hashamatli uch qavatli kvartira sotib olishga sarflangani ma’lum qilingan.

Sobiq prezident shuningdek Petrobras neft kompaniyasining korrupsion tuzilmasiga aloqadorlikda gumon qilingan edi. Kompaniya 2014 yilda korrupsiya mojarosining markazida bo‘lgandi. O‘shanda ma’lum bo‘lishicha, bir nechta amaldorlar shartnomalarga imzo chekkan va kelishuvning 3 foizi miqdorida komissiya olgan. Bu mablag‘lar keyinchalik siyosatchilar va amaldorlarga pora berish uchun ishlatilgan. Braziliya rasmiylariga ko‘ra, tuzilma egalari narxni oshirib yuborish va pora evaziga 3,8 milliard dollarga ega bo‘lgan.