Ikki hafta davomida qayerda ekani noma’lumligicha qolgan Abdulloh Tohirov juma kuni kechqurun bu vaqt ichida ilk bor aloqaga chiqdi. Bu haqda uning otasi Dilmurod Tohirov «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Abdulloh taxminan 22:00 da unga qo‘ng‘iroq qilib, qo‘yib yuborishganini ma’lum qildi. Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Abdulloh 26 oktyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilganidan so‘ng bedarak yo‘qolgan edi.

«Men uni ko‘rmadim, u qo‘ng‘iroq qildi va uni Toshkentdan qo‘yib yuborishayotgani, uyga, Andijonga qaytayotganini aytdi. U yaxshi kayfiyatda edi, bosim o‘tkazilganga o‘xshamadi. U kim qo‘yib yuborganini aytmadi. Aytishni xohlamadi», — dedi Dilmurod Tohirov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, o‘g‘li Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga emas, balki aynan uyga qaytayotganini aytgan.

Eslatib o‘tamiz, 26 oktyabr kuni Abdulloh Tohirovning aybi bilan YTH sodir bo‘ladi. U Lacetti avtomobilini boshqarib kelar ekan, taxminlarga ko‘ra viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashevga tegishli Naxia-2 mashinasi bilan to‘qnashuv sodir etadi. Otasi ehtiyot qismlarini sotib olib, zararni qoplaydi. Biroq keyinroq Abdulloh tuman IIB xodimi kuzatuvida viloyat IIBga olib boriladi va shundan keyin hech kim uni ko‘rmaydi.

Blogerlar, OAVlar va ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari, shuningdek, «Yoshlar ittifoqi» va «Adolat» partiyasi Abdulloh Tohirovni qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

IIV hodisa haqida izoh bermadi va bu ish boshqa idora tomonidan ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi. Bosh prokuraturadan esa ma’lumotga ega emasmiz, degan javob berildi. Abdulloh Tohirovning bu vaqt davomida qayerda bo‘lgani va nima sababdan ushlab turilgani yuzasidan rasmiy bayonot berilmadi.