Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida 15,3 mlrd so‘mlik mablag‘lar talon-taroj qilingani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov xabar qildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan tibbiyot markazida o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda markazning mansabdor va moddiy javobgar shaxslari 2018 va joriy yilning o‘tgan davrida markazning jami 15,3 mlrd so‘m pul mablag‘larini talon-toroj qilganliklari aniqlandi.

Ular «Davr bank»ning Yunusobod filiali, «Ipak yo‘li» bankining Mirzo Ulug‘bek filiali xodimlari hamda «T.S», «S.F» MCHJlari mansabdor shaxslari, «X.U» va «S.P.» xususiy korxonalari rahbarlari bilan noqonuniy daromad orttirish maqsadida oldindan jinoiy til biriktirgan.

Hozirda «Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi» mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.