O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qo‘llash bo‘yicha topshiriqlar berdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbut xizmati.

Vazirlar Mahkamasining 14 oktyabrdagi qarori bilan g‘alla yetishtirish, un va non ishlab chiqarish tizimida bozor mexanizmlari joriy etilgan edi. 15 oktyabrdan boshlab un va bug‘doyning narxlari erkinlashtirildi va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida har bir nafaqa oluvchiga oyiga 50 ming so‘mdan kompensatsiya to‘lanmoqda.

Xabarda qayd etilishicha, qolipli non bilan kafolatli ta’minlash uchun yetarli resurs zaxirasi yaratilib, un ishlab chikarishning oylik hajmi O‘zbekistonda 122 mingdan 142 ming tonnaga oshirildi. Bugungi kunda Toshkentda 1 kilogramm un birjada 2300−2400 so‘mdan sotilayotgan bo‘lsa, chakana savdoda qolipli non narxi 1500−1700 so‘mni tashkil qilmoqda.

Yig‘ilishda ayrim viloyatlarda nonning narxi nisbatan yuqoriligicha qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Avvalroq O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyati va Qoraqalpog‘istonning ayrim hududlarida non narxi 1500−2500 so‘mgacha o‘sgani haqida xabar bergandi. Masalan, Surxondaryo viloyatining Angor, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Oltinsoy, Sherobod, Sho‘rchi, Termiz tumanlari va Termiz shahrida non narxi 1500−2000 so‘m atrofida, Denov, Qumqo‘rg‘on tumanlarida — 1500 so‘m, Boysun tumanida — 1500−1800 so‘m, Sariosiyo tumanida — 1600−2000 so‘m, Uzun tumanida — 1200−1800 so‘m.

Kegeyli, Mo‘ynoq, Qonliko‘l, Shumanay, Amudaryo, Beruniy va Nukus tumanlarida qolipli non 1500 so‘mdan, Nukus, Qorao‘zak, Chimboy, To‘rtko‘l tumanlarida — 1500−2000 so‘m, Taxtako‘pir va Qo‘ng‘irot tumanlarida — 2000 so‘mdan, Elliqqal’a tumanida — 1400−1500 so‘m, Xo‘jayli tumanida esa 1500−2500 so‘m atrofida sotilmoqda.

Shuning uchun, Toshkent tajribasidan kelib chiqib, barcha viloyat, tuman va shahar hokimlariga unni birja savdosida sotilishidan boshlab, nonni chakana savdoda sotilishigacha bo‘lgan jarayonni har kuni tahlil qilib, aholining nonga bo‘lgan kunlik ehtiyojini to‘liq ta’minlab borish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Joylarda non ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish yuzasidan barcha imkoniyatlarni qo‘llash, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga kompensatsiya pullarini o‘z vaqtida va to‘liq yetkazib berilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi. Bundan tashqari, tog‘li va olis hududlarda qish mavsumiga un va boshqa oziq-ovqat zaxirasi yaratish lozimligi qayd etildi.