Andijon viloyati Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Abdulloh Tohirov 26 oktyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilganidan so‘ng bedarak yo‘qoldi. Bu haqda birinchi bo‘lib «Ezgulik» huquqni himoya qilish jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov xabar qildi.

Bedarak yo‘qolgan yigitning otasi Dilmurod Tohirovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 26 oktyabr kuni taxminan 7:00 da Qo‘rg‘ontepa tumanida «Andijon-Qo‘rg‘ontepa» yo‘lida Lacetti va Nexia-2 avtomobillari o‘rtasida to‘qnashuv sodir bo‘ladi. Uning o‘g‘li ishonchnoma asosida qarindoshiga tegishli bo‘lgan Lacetti avtomobilini boshqargan. Abdulloh Tohirov amakisi Islombek Tohirovga qo‘ng‘iroq qilib, hodisa haqida ma’lum qiladi. Amakisi YTHda Abdulloh Tohirov aybdor bo‘lgani sababli yetkazilgan zararni qoplashni aytadi.

Dilmurod Tohirov ustaxonaga ikkinchi avtomobil haydovchisiga yetkazilgan zararni qoplash va yangi ehtiyot qismlarni sotib olish uchun keladi. Nexia-2 avtomobilini ko‘zdan kechirishi vaqtida uning yukxonasida VSF toifasidagi davlat raqami borligini ko‘radi. Bunday raqamlar odatda Ichki ishlar vazirligi bo‘linmalari avtomobillariga taqiladi.

Foto: Umidbek Davlatov. YTHda zarar ko‘rgan Lacetti avtomobili.

«Ehtiyot qismlarini sotib olgandan keyin boshqa ustaga ko‘rsatish uchun Nexia-2ni video oldim, chunki bu usta qimmat narx aytdi. Mashina viloyat IIBdagi yuqori lavozimli amaldorga (taxminlarga ko‘ra viloyat IIBning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashevga) tegishli ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda bilganimizdan keyin yozuvlarni tezda o‘chirdik. Biz aytilgan narxga rozi bo‘ldik va uyga qaytdik», — dedi Dilmurod Tohirov.

Qo‘rg‘ontepadan Jalaquduqqa qaytishda Dilmurod Tohirovga bir necha marta ukasi qo‘ng‘iroq qilib, Abdullohni ichki ishlar organlari xodimlari izlayotganini aytadi.

«Uyga yetib kelganimda o‘g‘limning telefonini olib, uni sindirib tashladim. Chunki u avtomobilni boshqarayotganda tez-tez telefonga chalg‘iydi. Bir nech oy avval shu sababli avariya sodir etgan edi. Men bu safar ham hammasi telefon sababli bo‘ldi, deb o‘yladim», — dedi Dilmurod Tohirov.

18:00 atrofida Abdulloh Tohirov qarindoshlari bilan Andijon viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga boradi. Yo‘lda ularga Andijonga kuzatib qo‘yish uchun Jalaquduq tuman IIB xodimi Farruh Yusupov ham qo‘shiladi.

Dilmurod Tohirov turmush o‘rtog‘i bilan viloyat IIBga boradi, u yerda ulardan kamerali mobil telefonni olib kelishlari so‘raladi. Ular uskuna uchun uyga qaytishga majbur bo‘ladilar. Ular ortidan esa bir necha IIB xodimi kelib, uyda tintuv o‘tkazadi. Tintuv vaqtida Jalaquduq tuman IIB xodimi Farruh Yusupov, uchastka noziri Nozimdon va bir necha kishi bo‘ladi.

«Yarim tunga yaqin tintuv tugadi. O‘sha singan telefon, kichkina kompyuter va fleshkani olishdi. Qaynukam mashinani sozlagan ustaga qo‘ng‘iroq qildi. U: „O‘zlaringiz aybdorsizlar. Nega videoga oldingiz? Buni qilmaslik kerak edi“, — deydi. Xodimlar bizdan videoyozuvni nima qilganimiz, qayergadir tarqatganimizni so‘rashdi. Shunda tushunib yetdimki, ish aynan avtomobilni videoga olish bilan bog‘liq», — dedi Abdullohning otasi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IIO xodimlari 10−15 daqiqa Islombek Tohirovdan videoyozuv haqida so‘ragan.

«Shundan keyin xodimlar boshlig‘iga — Qahramon Ergashevga hisobot berishdi, u esa yana bir marta Islombek Tohirovga qo‘ng‘iroq qilib, undan yozuv haqida batafsil so‘raydi. U biz hech narsa tarqatmadik, deb aytadi. Ertasiga ertalab bizga o‘g‘limni yuqoridagi rahbariyat so‘roq qilishi uchun Toshkentga olib ketishayotganini xabar qilishdi», — dedi Dilmurod Tohirov.

Terrorizm va ekstremizga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashev birinchi kuni bedarak yo‘qolgan Abdullohning oilasi bilan bog‘lanib, Abdullohning tez orada chiqishi va shu boisdan xavotir olmasliklarini aytadi.

«U o‘g‘lim Rossiyada kimnidir so‘kkanini aytdi. Vaholanki u yerga o‘tgan yilning noyabrida borib, may oyida qaytgan edi. Oradan olti oy o‘tdi. Ikkinchi kuni shu sababni takrorladi. Biz unga o‘g‘limni bir kundan keyin qo‘yib yuborishlarini aytgani, biroq bunday bo‘lmaganini eslatdik. Qahramon Ergashev telefonda hammasini ayta olmasligini aytdi», — deya ma’lum qildi Adullohning otasi.

Dilmurod Tohirovning qayd etishicha, Qahramon Ergashev bilan yuzma-yuz uchrashganda Abdulloh Tohirovning boshqa sabab bilan qo‘lga olinganini aytadi.

«U ukamning oldiga kelib, unga o‘g‘lim prezidentning oilasini haqorat qilganini shipshitib aytdi. Men bu gaplarga ishonmadim, buni biz hech qayerga murojaat qilmasligimiz uchun qo‘rqitishga urinish sifatida qabul qildim. Mening o‘g‘lim nima uchun prezident oilasini haqorat qilar ekan? O‘g‘lim unday bolalardan emas, bu yolg‘on. Uning Toshkent bo‘yicha ham aldayotganini tushundim. Chunki u o‘g‘limni Toshkentdagi maxfiy joyda tutib turishganini aytdi», — dedi u.

Abdulloh Tohirov.

Dilmurod Tohirov 30 oktyabr kuni Toshkentga boradi va u yerda Simay Kom firmasi advokati Umidbek Davlatov bilan shartnoma tuzadi.

Advokat «Gazeta.uz»ga Abdulloh Tohirovning joyi haqidagi ma’lumotlarni olish uchun huquqni muhofaza qilish organlari va sudlarga qilingan murojaatlar natija bermaganini ma’lum qildi.

«Biz Andijonga bordik, Andijon viloyati prokuraturasiga, viloyat ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qildik, ma’muriy sudlarni tekshirdik, hibsga olish va tintuv uchun sanksiya berish to‘g‘risidagi ma’lumotni tekshirib ko‘rdik, «15 kunliklar»ga (maxsus qabul qiluvchilar — tahr.), qamoqxonalarni ko‘zdan kechirdik — topolmadik. Bugungi kunga qadar birorta ham rasmiy javob olganimiz yo‘q», — deya ta’kidladi Umidbek Davlatov.

Himoyachining so‘zlariga ko‘ra, Jalaquduq tuman IIB xodimi Farruh Yusupov go‘yoki Abdulloh Tohirov 11 noyabr kuni ozodlikka chiqishi, unga qadar shovqin ko‘tarmaslik kerakligini aytgan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxruh G‘iyosov «Gazeta.uz»ga bu masalada izoh bera olmasligini ma’lum qilib, buni boshqa idora shug‘ullanayotgani bilan bog‘ladi.

«Ayni vaqtda bu idora matbuot uchun ma’lumotlarni tayyorlamoqda, tez orada uni e’lon qilish rejalashtirilmoqda», — dedi u.

Bosh prokuratura vakili esa ma’lumotga ega emasligini ma’lum qildi.

Tahririyat Andijon viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashev bilan bog‘lana olmadi.