«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi o‘z saytida Andijon viloyati Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Abdulloh Tohirovning viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilganidan so‘ng bedarak yo‘qolganiga munosabat bildirdi. «#AbdullohQayerda? Qonunni oyoq osti qilmang!» maqolasi muallifi sifatida «Adolat» partiyasi eksperti Baxtiyor Ibrohimov ko‘rsatildigan.

«Gazeta.uz» 20 yoshli Abdullohning otasi Dilmurod Tohirov o‘g‘lining qayerda ekanini 26 oktyabrdan beri bila olmayotgani haqida yozgan edi. Xuddi shu kuni Abdullohning aybi bilan YTH sodir bo‘ladi. Uning boshqaruvidagi Lacetti avtomobili viloyat IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Ergashevga tegishli ekani aytilayotgan Nexia-2 avtomobili bilan to‘qnashadi. Otasi ehtiyot qismlarni sotib olib, yetkazilgan zararni qoplaydi. Biroq uning o‘g‘li tuman IIB xodimi bilan viloyat IIBga boradi va shu bilan bedarak yo‘qoladi.

Partiya eksperti vaziyatga izoh berar ekan, bu holatda bir qator qonun talablari buzilganini sanab o‘tadi.

Abdulloh tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilgani natijasida Q.Ergashev boshqaruvidagi avtotransport vositasiga moddiy zarar yetgan. Moddiy zarar summasidan kelib chiqib, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 133- yoki 134-moddasi bilan A.Tohirovga jarima solinadi yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum etiladi. Bu harakat uchun ma’muriy qamoq jazosi berilmaydi. Agar boshqa harakati uchun ma’muriy qamoq jazosi qo‘llangan bo‘lsa, uning qonuniy huquqini buzmasdan oila a’zolariga xabar qilinishi talab etiladi.

Agar Abdulloh bironta jinoyatni sodir etishda gumon qilinayotgan bo‘lsa, Jinoyat-protsessual kodeksning 220−221-moddalariga asosan faqat:

1) shaxs jinoyat ustida yoki bevosita uni sodir etganidan keyin qo‘lga tushsa;

2) jinoyat shohidlari, shu jumladan jabrlanuvchilar uni jinoyat sodir etgan shaxs tariqasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatsalar;

3) uning o‘zida yoki kiyimida, yonida yoki uyida sodir etilgan jinoyatning yaqqol izlari topilsa;

4) shaxsni jinoyat sodir etishda gumon qilish uchun asos bo‘ladigan ma’lumotlar mavjud bo‘lib, u qochmoqchi bo‘lsa yoki doimiy yashaydigan joyi yo‘q yoxud shaxsi aniqlanmagan bo‘lsa ushlab turilishi mumkin.

Ushbu kodeksning 47-moddasiga ko‘ra, ishda ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilish uchun yetarli ma’lumotlar bo‘lmagan shaxs gumon qilinuvchi hisoblanib, bu to‘g‘risida surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qaror chiqarishi lozim. 48-moddada esa gumon qilinuvchi o‘zining nimada gumon qilinayotganligini bilish, ushlab turilganligi va turgan joyi to‘g‘risida advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoxud xabar berish, ushlangan yoki gumon qilinuvchi deb e’tirof etilganligi to‘g‘risidagi qaror unga ma’lum qilingan paytdan boshlab himoyachiga ega bo‘lish hamda u bilan uchrashuvlarning soni va davom etish vaqti cheklanmagan holda xoli uchrashish huquqiga ega ekanligi belgilangan.

Shu bilan birga, JPKning 224−225-moddalari talabidan kelib chiqib, ichki ishlar organi xodimi, boshqa vakolatli shaxs ushlab turilgan shaxsga advokatga yoki yaqin qarindoshiga telefon orqali qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar berish, himoyachiga ega bo‘lish, ko‘rsatuvlar berishni rad etishga bo‘lgan protsessual huquqlarini tushuntirishi, bergan ko‘rsatuvlaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning o‘ziga qarshi foydalanish mumkinligini bildirishi, ushlab turilgan shaxs ichki ishlar organiga yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilganidan so‘ng, huquqni muhofaza qiluvchi organning navbatchisi yoki boshqa xodimi ushlab turish bayonnomasini darhol tuzishi, bayonnomada kimning, kim tomonidan, qachon, qanday holatda, qonunda ko‘rsatilgan qanday asoslarga ko‘ra ushlangani, qanday jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinayotganligini, ichki ishlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga qaysi vaqtda olib kelinganligini aks ettirishi lozim. Bu haqda, o‘n ikki soat ichida prokurorga yozma shaklda xabar berilishi hamda ushlab turishning asosli ekanligini tekshirish yigirma to‘rt soatdan kechiktirmay o‘tkazilishi shart. Ushlangan shaxs ushlab keltirilgan paytdan boshlab yigirma to‘rt soatdan kechiktirilmay so‘roq qilinishi lozim.

Ushlab turish muddati 226-moddada qayd etilgandek, shaxs ichki ishlar yoki huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organga keltirilgan paytdan ko‘pi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etadi. Surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror tomonidan zarur va yetarli asoslar taqdim etilganda ushlab turish sudning qarori bilan qo‘shimcha ravishda qirq sakkiz soatga uzaytirilishi mumkin. Ushlab turish muddati tugagunga qadar va asoslar mavjud bo‘lganda unga ayb e’lon qilinishi, ayblanuvchining huquq va majburiyatlari tushuntirilishi, ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilinib so‘roq qilinishi va ehtiyot chorasini tanlash haqidagi masala hal etilishi zarur.

Qonun talabini buzgan vakolatli shaxslar fuqaroni qonunga xilof yoki asossiz ushlab turganlik yoxud ushlash vaqtida vakolatlari doirasidan chetga chiqqanligi uchun Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) va 234-moddasida (qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olish) ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etganligi uchun javobgarlikka tortiladi.

«O‘zbekiston „Adolat“ sotsial-demokratik partiyasi ushbu voqeani qattiq qoralaydi va Qonunni oyoq osti qilmang! deb o‘z munosabatini bildiradi. Shuningdek, Bosh prokuraturadan Abdulloh qayerda? maqolasi yuzasidan hamda 14 kundan beri uning qayerda ekanligi haqida xabar bermagan shaxslar harakatiga huquqiy baho berib, munosabat bildirishini kutib qolamiz», — deyiladi partiya bayonotida.

Avvalroq O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi ham bu ishda shaffoflik ta’minlanishi lozimligini ma’lum qilgan edi.