O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi so‘nggi kunlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Abdulloh Tohirov bilan bog‘liq xabarlar tarqalganiga munosabat bildirdi.

«Yoshlar ittifoqi mazkur vaziyat bo‘yicha bir necha kun avval o‘rganish ishlarini boshlagan. Bizga ma’lum qilishlaricha, Abdulloh Tohirov ishi bilan Ichki ishlar vazirligi emas, balki boshqa idora shug‘ullanmoqda va tez orada bu holat bo‘yicha rasmiy ma’lumot beriladi», — deyiladi bayonotda.

Xabarda qayd etilshicha, Yoshlar ittifoqi imkoni boricha Abdulloh va uning yaqinlariga yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor. Ayni vaqtda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huquqni muhofaza qilish idoralaridan holatga oydinlik kiritish va aniq tafsilotlar olishga harakat qilmoqda.

«Biz jarayonning ochiq va shaffof o‘tishi, holat bilan bog‘liq aniq ma’lumotlarning jamoatchilikka tezroq taqdim qilinishini istab qolamiz», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Andijon viloyatining Jalaquduq tumanida istiqomat qiluvchi 20 yoshli Abdulloh Tohirov 26 oktyabr kuni viloyat Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirilganidan so‘ng bedarak yo‘qoldi.