Rossiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston maxsus xizmatlari 2019 yilda xalqaro tashkilotlarning 13 ta boshlang‘ich bo‘linmalari faoliyatiga chek qo‘yib, 138 jangarini qo‘lga oldi, deya xabar qildi Novosti axborot agentligi Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) direktori Aleksandr BOrtnikov ma’lumotlariga tayangan holda.

Bu haqda u 7 noyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan MDH davlatlari xavfsizlik organlari va maxsus xizmatlari rahbarlari kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi.

Aleksandr Bortnikov may oyidan oktyabrga qadar terroristik yoki diniy-ekstremistik tashkilotlarga aloqadorlikda gumon qilingan 200 nafardan ziyod MDH fuqarolari chegara nazorati ostiga olinganini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Belorusiya Davlat xavfsizlik qo‘mitasi bilan hamkorlikda noqonuniy qurol yetkazib berish kanaliga chek qo‘yildi, 40 dan ortiq o‘qotar qurollar va 9000 o‘q-dorilar olib qo‘yildi. Bundan tashqari, Rossiya, Belorusiya, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston maxsus xizmatlari katta miqdordagi giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni muomaladan olib tashladilar va giyohvandlik moddalarini ishlab chiqaruvchi bir qator laboratoriyalarni faoliyatiga chek qo‘ydi.

FSB rahbari MDH maxsus xizmatlari Afg‘onistonda «Islom davlati» bo‘linmalari faolligi oshgani, hamdo‘stlik davlatlariga hujum uyushtirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

«Biz Afg‘onistonda „Vilayat Xorasan“ deb nomlangan ID bo‘linmalarini faolligining oshib borayotganini qayd etmoqdamiz. „Jamaat Ansarullah“ va „Sharqiy Turkiston Islom harakati“ ular bilan yaqin aloqada harakat qilmoqda», — dedi Aleksandr Bortnikov.