6 noyabrga o‘tar kechasi (3:23 da) 20 kishidan iborat niqoblangan noma’lum shaxslar o‘q otar qurollarni qo‘llagan holda Tojkistonning O‘zbekiston bilan chegarasida joylashgan «Ishkobod» chegara qismining «Sultonobod» chegara otryadiga hujum qildi. Bu haqda «Xovar» agentligi Tojikiston Davlat milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara qo‘shinlari matbuot markaziga tayanib xabar qildi.

Bosqinchilik hujumi vaqtida 5 dona o‘q otar qurol (AKM) egallab olindi. Kuch ishlatar tuzilmalar o‘tkazgan operatsiya jarayonida qurollangan guruhning 15 nafar a’zosi qurshab olinib, qurolsizlantirildi, ularning 5 nafari qo‘lga olindi. Otishmada 1 nafar chegara qo‘shinlari askari hamda Tojikiston Ichki ishlar vazirligining 1 nafar xodimi hayotdan ko‘z yumdi.

Hozirda tezkor-qidiruv guruhi hodisa joyida tergov olib bormoqda.

O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati chegara qo‘shinlari vaziyat o‘rganilayotganini xabar qildi.