O‘zbekistonda xorijga chiqish pasportini doimiy yashash joyidan berish talabani bekor qilish rejalashtirilmoqda. Prezidentning bu haqdagi qarori loyihasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan ishlab chiqildi.

IIV huzuridagi Tergov departamentining Facebook ijtimoiy tarmog‘ida tushuntirish berishicha, yangi tartib mamlakatning boshqa hududlarida vaqtincha yashayotgan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratib berishga qaratilgan.

Loyihaga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining xorijga chiqish tartiblari to‘g‘risidagi nizomning 17-bandiga fuqarolar xorijga chiqish biometrik pasportini olish uchun doimiy propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan joylaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga yoki konsullik ro‘yxatiga olingan ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qiladilar, deya o‘zgartish kiritish rejalashtirilmoqda.

Xorijga chiqish pasporti yo‘qolganda ham fuqaro doimiy propiskada turadigan yoki turgan joyi bo‘yicha hisobga olingan joylaridagi ma’lumotlarni yig‘ish punktiga murojaat qila oladi.

Oktyabr oyi o‘rtasida IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Nodir Ziyoyev pasport berishni propiska qilingan joyga bog‘lab qo‘yish bekor qilinayotgani haqida ma’lum qilgan edi.