Toshkent prokuraturasi o‘zining besh yoshli qizini qasddan o‘ldirganlikda gumon qilinayotgan ayol va uning shar’iy nikohdagi eri qo‘lga olinganini xabar qildi.

4 noyabr kuni fuqaro A.V. huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilib, 5 yoshli qizi D.K.ni Bektemir tumanida joylashgan «Compass» savdo majmuasida yo‘qotib qo‘yganligi haqida ma’lum qildi. Toshkent shahar prokuraturasi hamda Ichki ishlar bosh boshqarmasi tomonidan tezkor-tergov guruhi tuzilib, qizchani topishga qaratilgan tadbirlarga zudlik bilan kirishildi.

Tezkor-tergov guruhi tomonidan A.V. va uning shar’iy nikohdagi eri M.F.ning ko‘rsatmalari shubha ostiga olinib, qidiruv tadbirlariga qaramasdan farzandi bir kun mobaynida topilmaganligi sababli, u qotillik jinoyati qurboni bo‘lganligi tusmoli asosida darxol Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Olib borilgan tezkor-tergov harakatlari natijasida aniqlanishicha, 25 oktyabr kuni kechasi soat 03:00 lar atrofida er-xotin Sergeli tumanida ijarada yashab kelgan xonadonda spirtli ichimlik iste’mol qilishib, farzandini urib, do‘pposlab, qasddan o‘ldirganlar.

So‘ngra sodir etilgan jinoyatlarini yashirish va jazodan qutulish maqsadida, murdani yo‘qotish payiga tushganlar. Uni yo‘l sumkasiga joylashtirib, shu kuni tongda Toshkent viloyati, Bo‘stonliq tumanidagi ijaraga olingan dala xovliga olib borishgan. Murda o‘choqda yoqilib, so‘ng yonmay qolgan qoldiqlari qopga solinib, Chirchiq daryosiga tashlab yuborilgan.

Shundan keyin, ular huquqni muxofaza qiluvchi organlarni chalg‘itish va asl holatni yashirish maqsadida, farzandi bedarak yo‘qolib qolganligini «sahnalashtirganlar».

Hodisa sodir bo‘lgan joyni ko‘zdan kechirish davomida D.K.ning murda suyaklari topilib, ashyoviy dalil tariqasida olingan.

Jinoyat ishi bo‘yicha A.V. va M.F.lar qasddan odam o‘ldirishda gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlandi. Tergov harakatlar davom ettirilmoqda, natijasiga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot berib boriladi.