O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmog‘ini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot ximati.

Jahon bozorida meva-sabzavot mahsulotlari savdosi 205 milliard dollarni tashkil etgan bir paytda, O‘zbekiston ulushi bir foizga ham yetmayapti. Prezident yig‘ilishda kelgusi yilda meva-sabzavot eksportini 2,5 milliard dollarga yetkazish, keyingi uch yilda bu ko‘rsatkichni 5 milliard dollarga yetkazish imkoniyatlari mavjud ekanini qayd etdi.

Davlat rahbarining ta’kidlashicha, bunga erishish uchun ekin va navlarni to‘g‘ri tanlash, hosildorlik va daromadni kamida ikki-uch barobarga oshirish, isrofgarchiliklarni oldini olish, mahsulotlarni saqlash, logistika masalalari, eksportni to‘g‘ri tashkil etish lozim.

Bugungi kunda dunyo bozorlarida gilos, o‘rik, olxo‘ri, anor, uzum, bodom, sitrus mevalar kabi mahsulotlarga talab yuqori va ushbu mahsulotlar eksport tushumining asosiy qismini tashkil etmoqda.

O‘zbekistonda bunday mevazorlar, ayniqsa intensiv usuldagi bog‘lar yetarlicha tashkil etilmayotgani, bog‘ va tokzorlar yaroqsiz holatga kelib qolgani sababli ularning iqtisodiy samaradorligi o‘ta past darajada qolayotgani, qator tumanlarda minglab gektar eski bog‘lar yillar davomida hosil bermayotgani tanqid qilindi. Hanuzgacha «mahsulot yetishtirish — xarid qilish — saqlash va qayta ishlash — eksport» zanjirini tashkil etadigan kooperatsiya tizimi joriy qilinmagan.

Yana bir salbiy holat uzumchilikni rivojlantirishda vinochilik korxonalarining o‘rni sezilmayotgani bilan bog‘liq.

«Bu kabi muammolar ta’sirida mamlakatimizda mahsulotlarni yig‘ishtirish va saqlashdagi yo‘qotishlar hajmi 30 foizdan kamaymayapti, — dedi Prezident. — Ya’ni, olingan meva nobud bo‘lib, tuproqqa qorilmoqda. Bunday sharoitda qanday yangi bog‘ va tokzorlar haqida gapirish mumkin?»

Qayd etilganidek, bir qator tumanlar paxta yetishtirishni qisqartirib, meva-sabzavotchilikka ixtisoslashtirildi. Afsuski, ushbu yo‘nalishda ham ishlar qoniqarli darajada bo‘lganicha yo‘q.

Seleksiya borasida ilmiy tadqiqotlar yetarlicha yo‘lga qo‘yilmagani bois mamlakatimiz urug‘likni import qilishga majbur bo‘lmoqda.

«Mineral o‘g‘itlar ta’minoti, zararkunanda va kasalliklarga qarshi kurashish ishlari tizimli tashkil etilmagani ham dehqonning ortiqcha ovora bo‘lishiga olib kelib, hosildorlikni oshirishga salbiy ta’sir qilmoqda», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bir so‘z bilan aytganda, sohada yechimini topishi lozim bo‘lgan masalalar talaygina. Shuning uchun eskirgan tizimdan butunlay voz kechib, mutlaqo yangi uzluksiz zanjirni ya’ni, kooperatsiya va klaster tizimini tashkil etish kerakligi ta’kidlandi. Bunday yo‘l jahon tajribasida o‘zining samaradorligini isbotladi, klasterning joriy etilishi sohada yuqori natijalarga olib kelayotganini ko‘rsatmoqda.

Shu munosabat bilan prezident O‘zbekistonda bir nechta yirik eksportyor klaster tashkil etish, qishloq xo‘jaligida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish va daromadni oshirish, mahsulot ishlab chiqaruvchilarni aniq bozor, aniq moliyaviy manba bilan ishlaydigan tadbirkorga biriktirish zarurligini ta’kidladi.

Xorijiy mutaxassislar ko‘magida tashkil etilgan Surxondaryo tajribasi asosida 55 ta tumanni eksportbop muayyan mahsulotlar turini yetishtirishga ixtisoslashtirish vazifasi qo‘yildi.

Bundan tashqari, har bir viloyat va tuman hokimi klasterlar bilan meva-sabzavotni to‘g‘ri joylashtirishga, agrotexnik tadbirlarning o‘tkazilishiga, yetishtirilgan mahsulotni eksportyor yoki qayta ishlovchiga to‘liq yetkazilishiga shaxsan javobgarligi belgilandi.

Moliya vazirligiga yangi tizim asosida eksportbop mahsulotlar yetishtirishni rag‘batlantirish bo‘yicha moliyalashtirish yuzasidan taklif kiritish topshirildi.

Qishloq aholisi bandligini ta’minlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi. Yangi bog‘ va tokzorlarni barpo etishga «Har bir oila — tadbirkor» dasturi doirasida 1 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Kam ta’minlangan oilalar bandligini ta’minlash maqsadida Farg‘ona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperatsiya tashkil qilinadi. Har bir kooperatsiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro a’zolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan yerlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.

Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablag‘lar jalb etish orqali gilos, o‘rik, anor, shaftoli, olxo‘ri, yong‘oq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bog‘ tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan «manzilli dastur» tasdiqlash vazifasi yuklatildi.

Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovatsiyani keng qo‘llagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini ko‘paytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident bog‘dorchilik rivoji uchun avvalo ko‘chat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona ko‘chat yetishtirishni yo‘lga qo‘yish va eksport qilish imkoniyati borligi ko‘rsatib o‘tdi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili o‘rik, gilos, shaftoli, xo‘raki va sanoatbop uzum, anor, yong‘oq, bodom ko‘chatlari yetishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qo‘yildi. Shuningdek, Jahon banki mablag‘lari hisobidan Mahmud Mirzayev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida «in-vitro» laboratoriyalari tashkil etish bo‘yicha ham ko‘rsatma berildi.

Intensiv ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020 yil 1 apreldan boshlab «sog‘lomlik» sertifikatiga ega bo‘lmagan ko‘chatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni to‘xtatish zarurligi qayd etildi.

Mamlakat aholisining oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8−10 foizga ko‘paytirish va qo‘shimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligi, viloyat va tumanlar hokimlariga 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda to‘qsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.

O‘simliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoyev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral o‘g‘itlar do‘konlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat ko‘rsatish tizimini yaratish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda aytilgan chora-tadbirlar ijrosini samarali tashkil etish uchun har bir yo‘nalishga mutasaddi rahbarlar mas’ul etib belgilandi.