Toshkentda sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish va turistlar uchun qulaylik va sharoitlar yaratish maqsadida tez orada Toshkent teleminorasiga shaxsni tasdiqlovchi hujjat bilan kirish tartibi bekor qilinishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumki, Toshkent teleminorasi strategik ahamiyatga ega ob’ekt hisoblanadi. Shu bois bu yerga shaxsni tasdiqlovchi hujjat orqali kiritiladi. Boshqa hollarda esa teleminorani faqat tashqaridan kuzatish mumkin.

Toshkent teleminorasi balandligi bo‘yicha jahonning 200 dan ortiq minoralari orasida 11-o‘rinni egallaydi. Teleko‘rsatuvlar ko‘lamining kengayishi munosabati bilan kuchli radio-televizion uzatish stansiyasi qurilishiga ehtiyoj paydo bo‘lganligi sababli Bo‘zsuv kanalining o‘ng sohilida 1978−85 yillarda mazkur inshoot bunyod etilgan.

Toshkent teleminorasi 3 ta konussimon tirgakka o‘rnatilgan. Undan Butunjahon buyuk minoralar federatsiyasiga bag‘ishlangan muzey, «Koinot» restoranining «Alvon» va «Moviy» zallari, kuzatuv maydonchalari o‘rin olgan.