Salomatligidagi muammo sababli Samarada samolyotdan tushib qoldirilgan «Sankt-Peterburg — Urganch» aviareysi yo‘lovchisi Vatanga taksida qaytishga qaror qildi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Dushanba kuni Uzbekistan Aireays aviakompaniyasi samolyoti yo‘lovchilardan biri o‘zini yomon his qilgani sababli Samaraning «Kurumoch» aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan edi. O‘zbekiston fuqarosi parvoz vaqtida qon bosimi oshgani sababli o‘zini yomon his qilgan. Samarada tibbiy yordam ko‘rsatilganidan so‘ng u shifoxonaga yotishni rad etdi.

Biroq shifokorlar salomatligi yana yomonlashishi mumkinligi uchun bemorga parvozni davom ettirmaslikni tavsiya qildi va samolyot usiz Urganchga uchib ketdi.

«Shu kunning o‘zida O‘zbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash hamda huquqlari va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan vatanga qaytish masalasi hal qilinayotganiga qaramay, u Samaradan O‘zbekistonga taksida jo‘nab ketdi», — deyiladi xabarda.