«O‘zkimyosanoat» va «O‘zbekneftgaz» aksiyadorlik jamiyatlarida korrupsiyaga qarshi kurashish choralarini kuchaytirish maqsadida korrupsiyaga qarshi kurashish «komplayens nazorat» (korrupsiyaga qarshi qonunchilikka rioya etilishi ustidan nazorat) tizimini joriy etish bo‘yicha ishlar boshlandi, deya xabar qildi Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi ishchi organi hisoblangan O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati.

Bu ishlar BMT Taraqqiyot dasturining «O‘zbekistonda samarali, hisob beruvchi va shaffof boshqaruv institutlari orqali korrupsiyaga qarshi kurashish» loyihasi va KPMG (Italiya) Xalqaro auditorlik kompaniyasi ekspertlari hamkorligida amalga oshirilmoqda.

KPMG ekspertlari mazkur loyihani xalqaro ekspertlarning faol qo‘llab-quvvatlashi bilan amalga oshirilishi jamiyatlarda korrupsiyaga qarshi halqaro standartlar va amaliyotlarni samarali joriy etishga imkon berishini, shuningdek jamiyatlarning shaffofligi, korporativ boshqaruv darajasi va investitsiyaviy jozibadorligi oshishini ta’kidlab o‘tdi.

Bundan tashqari, mazkur jamiyatlarda korrupsiyaga qarshi choralarni samarali amalga oshirishda to‘plangan tajribadan boshqa ustav jamg‘armasida davlat ulushi bo‘lgan tashkilotlarda va ho‘jalik yurituvchi sub’ektlarda korrupsiyaga qarshi kurashning umumiy yo‘nalishini shakllantirish uchun foydalanish mumkinligi qayd etildi.