Qozog‘istonda neft mahsulotlarini avtomobillarda olib chiqishga olti oylik taqiq joriy etildi. Qozog‘iston energetika, ichki ishlar, moliya vazirliklari va Milliy xavfsizlik qo‘mitasi imzolagan qo‘shma buyruq 2 noyabrdan kuchga kirdi.

Bunda avtomashinalarning zavod benzin baklarida va hajmi 20 litrdan oshmagan idishlarda yoqilg‘i olib chiqish mumkin.

Oktyabr oyida energetika vaziri Kanat Bozumboyev Tengrinews nashriga bergan intervyusida taqiqning benzin narxi arzonligi bilan bog‘liq ekanini qayd etgan edi.

«Rossiya bilan chegaramizdan minglab mashinalar o‘tib, benzin quyishadi. Mayli, baklarini to‘ldirishadi. Biroq yengil mashinalar o‘nlab kanistrlarni to‘ldiradi, tranzit yuk mashinalari 3−4 tonnagacha bo‘lgan qo‘shimcha baklariga quyib olishadi. Bizning minglab tonna benzin, dizel yoqilg‘ilarimizni chegaradosh davlatlarga tashib ketishmoqda. Ya’ni, biz begona iqtisodiyotlarga subsidiya kiritmoqdamiz», — degan edi vazir o‘shanda.

Oktyabrda Qozog‘iston AYOQSHlarida AI-92 rusumli benzinning bir litri 150−155 tenge (3750 so‘m atrofida) narxda sotildi.