Qarshi shahridagi madaniyat va aholi dam olish markazida kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Zoir Mirzayev boshchiligida Qarshi shahrida shu kungacha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari atroflicha muhokama qilindi. Bu haqda Qarshi shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Yig‘ilishda ayrim yo‘nalishdagi ishlar ahvoli tanqidiy baholandi. Jumladan, o‘rganishlar davomida sanitariya-gigiyena talabiga javob bermaydigan mahsulot ishlab chiqarish va sotish, shaharsozlik normasiga mos bo‘lmagan qurilishlarga ruxsat berish, noqonuniy, o‘zboshimchalik bilan qurilishlarni amalga oshirish holati aniqlangani aytib o‘tildi. Mutasaddilarning bee’tiborligi, o‘z vazifasini to‘laqonli bajarmagani bunga asosiy sabab sifatida ko‘rsatildi.

Shularni hisobga olib, Qarshi shahar davlat sanitariya-epidemiologiya markazi bosh shifokori O.Cho‘liyev, Qarshi shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i Sh.Bo‘ronov egallab turgan vazifasidan ozod etildi. Qolaversa, Qarshi shahar hokimining o‘rinbosari U.Avazov ham jiddiy ogohlantirildi va unga ishni to‘g‘ri tashkil qilish, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun 1 oy sinov muddati berildi.

Bundan tashqari, Qarshi shahrida noqonuniy savdo faoliyati oldini olishga lozim darajada e’tibor qaratmagani uchun Qarshi shahar soliq inspeksiyasi boshlig‘i K.Qurbonovning ishda qolish yo qolmaslik masalasini ko‘rib chiqish viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘iga topshirildi.

O‘z ishiga mas’uliyatsiz qaraydigan barcha rahbarlarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi bildirildi.