Sport telekanali 9 noyabr kuni poytaxtdagi «Paxtakor» stadionida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalarining o‘rtoqlik o‘yinini translyatsiya qilmaydi. Bu haqda sport telekanali rahbariyati «Gazeta.uz»ga xabar qildi.

14 noyabr kuni milliy terma jamoa 2022 yilgi jahon chempionati Osiyo saralash bosqichi doirasida Saudiya Arabistoniga qarshi o‘ynaydi. Futbol assotsiatsiyasi Sport telekanalidan guruhdagi raqiblar Vadim Abramovning murabbiylik usullarini ko‘rmasliklari uchun Qirg‘iziston bilan uchrashuvni namoyish etmaslikni so‘radi.

«O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi o‘rtoqlik uchrashuvi bo‘lgani uchun o‘yinni namoyish etmaslikni so‘radi. Bu raqiblardan (Saudiya Arabistonidan — tahr.) jamoaning tayyorgarlik darajasi va o‘yinchi larning [jismoniy va ruhiy] holati, kayfiyatini bir oz yashirish uchun qilinmoqda», — dedi Sport telekanali vakili. U kanal texnik tomonidan translyatsiya uchun tayyor ekanini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

Avvalroq Tribuna.uz nashri bu iltimos O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramovdan chiqqanini xabar qilgan edi. Futbol assotsiatsiyasi ushbu ma’lumotni «Gazeta.uz»ga tasdiqladi.

Saralash bosqichining uchta o‘yini yakunlari bo‘yicha (Singapurda to‘rtta) O‘zbekiston 6 ochko bilan D guruhida birinchi o‘ringa ko‘tarildi. Uning ortidan Saudiya Arabistoni (5), Falastin (4), Singapur (4) va Yaman (2) bormoqda.