Bugun Jismoniy tarbiya va sport vazirligining anjumanlar zalida O‘zbekiston voleybol federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik mutasaddilari hamda federatsiyaning ijroqo‘m a’zolari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Tadbirga O‘zbekiston voleybol federatsiyasining 11 kishidan iborat ijroiya qo‘mitasi a’zolaridan 9 nafari tashrif buyurgani va kvorum a’zolari sonining yetarli ekani konferensiyaning qonuniy ravishda o‘tganini anglatadi.

Mazkur konferensiya kun tartibidan o‘rin olgan asosiy masala federatsiyaga yangi prezident saylash bo‘ldi.

Shu kungacha federatsiya prezidenti lavozimi vakant bo‘lib turganligi sababli O‘zbekiston voleybol federatsiyasi bosh kotibi Daniyar Burnashev ushbu lavozimga Jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish jarayonida nomzod bir ovozdan ma’qullandi hamda Dilmurod Hamidullayevich Nabiyev O‘zbekiston voleybol federatsiyasining prezidenti etib saylandi.