Samarqandda 2020 yil boshlangunga qadar oltita, kelgusi yilda esa ellikta mehmonxona o‘z faoliyatini boshlashi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Samarqand viloyat turzimni rivojlantirish departamenti jurnalist va blogerlar uchun uyushtirilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Shu bilan birga mazkur yilda jismoniy shaxslar tomonidan 15 ta mehmon uylari tashkil etiladi. Natijada 185 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

— 2019−2021 yillar davomida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki kredit liniyasi orqali turizm infratuzilma ob’ektlarini rivojlantirish maqsadida 74 ta loyihani qamrab olgan 1311,8 mlrd so‘mlik manzilli dastur ishlab chiqildi, — dedi Dilshod Narziqulov. — Ushbu loyihalarimiz amalga oshsa, 2828 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Tahlillarning ko‘rsatishicha, o‘tgan o‘n oy davomida Samarqandga 2 million 700 ming mahalliy va xorijiy sayyohlar kelgan.