2019 yilning 31 oktyabrida «Karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi buyruq Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Nizom bilan tegishli hujjatlari mavjud bo‘lmagan, o‘simliklar karantini ob’ektlari bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotni olib qo‘yish, qaytarib yuborish va yo‘q qilish tartibi belgilandi.

Nizomga muvofiq, quyidagi hollarda karantin ostidagi mahsulotlar olib qo‘yiladi:

o‘simliklar karantini ob’ektlari aniqlanganda;

O‘zbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlangan ekish materiallari va mahsulotlar aniqlanganda;

karantin ostidagi mahsulotning tegishli hujjatlari (karantin ruxsatnomasi talab etiladigan o‘simliklar va mahsulotlar uchun karantin ruxsatnomasi, xorijiy mamlakatning vakolatli davlat organlari tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikati yoki guvohnomasi) mavjud bo‘lmaganda.

Xavfli zararkunandalar, o‘simlik kasalliklari va begona o‘tlar bilan zararlangan karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish va yuk jo‘natuvchiga qaytarib yuborishning imkoniyati mavjud bo‘lmasa ular yo‘q qilinishi (maxsus joyda yoqib yuborish yoki chuqur qazib ko‘mib tashlash yo‘li bilan) lozim.

Bunda hududiy o‘simliklar karantini davlat inspeksiyalari boshliqlari, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi hududiy organlarining va Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasining hududiy bo‘linmalarining vakillaridan iborat komissiya tuziladi.

Komissiya tomonidan ushbu mahsulotlar tegishli joyda yo‘q qilinadi va bu haqda dalolatnoma tuziladi.