Xorazm viloyati Hazorasp tumani Bog‘dor mahallasida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasi binosida ta’mirlash ishlarini olib borayotgan yollanma ishchilarni elektr toki urdi. Hodisa xavfsizlik qoidalariga amal qilinmagani sababli sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Postda.uz nashri.

Qayd etilishicha, Xonqa tumani Katta kuch mahallasida yashovchi uch yigit birgalikda ko‘targan temirdan yasalgan havoza vaqtda tepadan o‘tgan elektr simiga tegib ketgan. Oqibatda ularni elektr toki urdi. Yigitlardan ikkisi voqea joyida hayotdan ko‘z yumdi. Yana biri shifoxonaga yotqizildi.

Ayni paytda holat yuzasidan surishtiruvni prokuratura olib bormoqda.