«O‘zneftegazinspeksiya» oktyabr oyida o‘ta yirik miqdordagi gaz talon-taroj qilinganini aniqladi. Zarar miqdori, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4,8 mlrd so‘mni tashkil etmoqda, deya xabar qildi inspeksiya matbuot xizmati.

1−25 oktyabr kunlari mamlakat bo‘ylab 3,9 mlrd so‘mlik 4,2 mln kub metr gazdan noqonuniy foydalangan 208 ta ulgurji iste’molchi aniqlangan.

Eng jiddiy qonunbuzarliklar Farg‘ona va Jizzax viloyatlarida aniqlangan. «Zafarobod agroyexport» va «Quvasoy shaffof ohak» korxonalarining ohak ishlab chiqarish sexlarida 1,6 mlrd so‘mdan ziyod qiymatdagi 1,8 mln kub metr gaz noqoquniy iste’mol qilingan.

Toshkent viloyatidagi «Vayt keramik» korxonasiga tegishli keramika ishlab chiqarish sexida 25 ming kub metrdan ortiq tabiiy gaz noqonuniy ishlatilgan. Umuman olganda, poytaxt viloyatida tabiiy gazdan noqonuniy iste’mol qilish hajmi 107 ming kubometrni tashkil etdi.

Navoiy viloyatidagi omborlarda ballonlarda suyultirilgan gaz yetishmovchiligi aniqlandi, ular tegishli hujjatlar rasmiylashtirimasdan ro‘yxatdan chiqarilgan va 54,1 tonna o‘zlashtirib yuborilgan.

Yil boshidan buyon jami bo‘lib tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzish bo‘yicha 2500 dan ortiq qonunbuzarlik holatlari aniqlangan bo‘lib, ularning 200 dan ortig‘i — ballonlardagi suyultirilgan gazni yetkazib berish, saqlash va tarqatish jarayoni bilan bog‘liq.

Materiallar huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi.