Yaqin kunlarda poytaxtdagi Botanika bog‘iga «trevoga tugmachasi»ni o‘z ichiga olgan ikkita 360 darajali kuzatuv kamerasi majmuasi o‘rnatiladi, deya xabar qildi IIBB matbuot xizmati.

Ushbu tugmachalarni bosgan odam videoaloqa orqali huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga muammo haqida xabar berib, ularni yordamga chaqirishi mumkin.

Bundan tashqari, bog‘ hududida profilaktika inspektorining ikki yordamchisi skuterlarda navbatchilik qilish uchun biriktirildi.

Ular zarurat tug‘ilgan taqdirda tashrif buyuruvchilar bilan profilaktik suhbatlar uyushtirib, ularga O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘simlik dunyosi genofondi institutiga tegishli bo‘lgan bog‘da o‘zlarini qanday tutishlarini tushuntiradilar.

Toshkent IIBB matbuot xizmati Botanika bog‘iga tashrif buyuruvchilarni sanitariya tartiblariga rioya etish, maysalarni bosmasdan, faqatgina yo‘lakchalar bo‘ylab harakatlanish va tartib buzilishlariga guvoh bo‘lgan taqdirda profilaktika inspektoriga xabar qilishga chaqirdi.