«Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun 2019 yilning 31 oktyabrida prezident tomonidan imzolandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali orqali xabar berildi.

Qonunga muvofiq, bojxona ma’muriyatchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Kodeksga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, muayyan bojxona rejimiga joylashtirilgan tovarlar va transport vositalarini ushbu bojxona rejimi talablariga muvofiq bo‘lmagan tarzda tasarruf etganlik uchun, fuqarolarga eng kam ish haqining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Shuningdek, bojxona rasmiylashtiruvi tugallanmagan tovarlar va transport vositalarini tasarruf etganlik uchun fuqarolarga eng kam ish haqining 20 baravaridan 30 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 30 baravaridan 50 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.