O‘zbekiston Respublikasi IIV axborot xizmati tomonidan joriy yilning 31 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining anjumanlar zalida “Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash tizimida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Mazkur matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi polkovnik Sh. Giyasov, vazirlik Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi rahbariyati va boshqa mas’ul xodimlari, shuningdek, respublika va xorijiy OAV vakillari ishtirok etdi.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning hududiy idoralari tomonidan 2019 yilning 9 oyi davomida jamoat tartibini saqlash, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish borasida bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Respublika hududida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, haydovchilik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi va uning hududiy idoralari tomonidan 2019 yilning 9 oyi davomida jami 4 mln. 607 ming 34 ta yo‘l harakati qoidabuzarligi, jumladan 2 mln. 55 ming 254 ta qo‘pol qoidabuzarlik, 25120 nafar mast haydovchi, 252 072 nafar qoidabuzar piyodalar aniqlandi.

Bu davrda 19 436 ta transport vositasini boshqarish vaqtida uyali telefondan foydalanish, 779 909 ta xavfsizlik kamaridan taqmagan holda transport vositasini boshqarish, 628 ta monitordan foydalanish yoki o‘zboshimchalik bilan o‘rnatish, 41 179 ta transport vositasini sug‘urta polisisiz boshqarish qoidabuzarliklari aniqlandi.

Shuningdek, 18 422 nafar huquqbuzarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy hujjatlar tegishli choralar ko‘rish uchun sud idoralariga yuborilib, ularning 8 492 nafari (46,1 foizi) transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan.

Shu jumladan, 12 778 nafar transport vositasini mast holda boshqargan haydovchilarga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy hujjatlar sud idoralariga yuborilib, ularning 8 639 nafari (67,6 foiz) transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etildi hamda 795 nafariga ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, bu kabi qoidabuzarliklarga qarshi kurash samaradorligini oshirish maqsadida 2018 yil dekabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy sudi va Bosh prokuraturasi o‘zining “Transport vositalari haydovchilarining mast holatda ekanligini aniqlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qo‘shma qarorini imzoladi.

Ushbu qarorga muvofiq tekshiruv ishlari alkotester moslamasi yordamida amalga oshirilmoqda. Alkotester-bu haydovchi tomonidan havoga chiqarilgan etanol bug‘larini aniqlovchi va tekshiruv natijalarini qog‘ozda aks ettiruvchi maxsus texnik vositadir. Tekshiruv chog‘ida haydovchi tomonidan havoga chiqarilgan etanol bug‘lari konsentratsiyasi ko‘rsatkichi 0,135 milligramm va undan yuqori bo‘lgan hollarda DYHXX xodimi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 131-moddasiga muvofiq ma’muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi hamda transport vositasi vaqtinchalik jarima maydoniga qo‘yiladi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan 4 212 marotaba korxonalarda transport vositalarining texnik holati yo‘nalishga chiqayotganda tekshiruvdan o‘tkazildi. Bunda 35869 ta transport vositalari tekshirilib, ulardan 2 571 tasi texnik nosoz deb topildi va 3 065 nafar haydovchiga va 588 nafar mansabdor shaxslarga nisbatan ma’muriy choralar ko‘rildi.

Umumfoydalanishda bo‘lgan avtomobil yo‘llarini, temir yo‘l kesishmalarini, sun’iy inshootlarni va ichki xo‘jalik yo‘llarini saqlash, transport vositalari va piyodalarning harakatlanish xavfsizligini ta’minlash borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, avtomobil yo‘llari va shahar ko‘chalarida 16 070 ta yo‘l belgilari o‘rnatildi, 25 136 ta eskirgan yo‘l belgilari yangisiga almashtirildi.

YHX xodimlari ichki ishlar organlarining boshqa xizmatlari xodimlari bilan hamkorlikda 3 172 ta jinoyatlarni fosh etishda ishtirok etishdi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 30 avgustdagi “Yo‘l harakati xavfsizligi kunini o‘tkazish va yo‘l-transport hodisalari profilaktikasining samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 701-son qaroriga muvofiq haftaning har juma kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi targ‘ibot kuni” profilaktik tadbiri hamda har oyning uchinchi jumasida “Avtomobilsiz kun” aksiyasining o‘tkazilishi ta’minlanmoqda.

2019 yil 9 oyda qoidabuzarliklarga nisbatan ko‘rilayotgan choralarning samaradorligini oshirish maqsadida jami 3 407 ta sayyor sud majlislari tashkil etildi. Bu sayyor sudlarning 1 411 tasi mehnat jamoalarida, 1996 tasi mahallalarda o‘tkazildi.

2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida amalga oshirilganchora-tadbirlar natijasida umumiy yo‘l-transport hodisalarini 16,5 foizga, ularda halok bo‘lganlar soni 13,1 foizga, jarohatlanganlar soni 17,8 foizga kamayishiga erishildi.

Shuningdek, bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari soni 876 taga, haydovchilar aybi bilan sodir etilgan YTHlari 4 567 taga, mast holdagi haydovchilar aybi bilan sodir etilgan YTHlari 91 taga, piyodalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari 2 544 taga kamaydi.

Tadbir davomida OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan bir qator savollar bilan soha mutaxassislariga murojaat qildi.

Jumladan:

Nikita Makarenko, Gazeta.uz:

Savol: YHXBB xodimi sifatida Toshkent shahridagi yo‘l infratuzilmasi to‘g‘ri tuzilgan deb hisoblaysizmi?

Javob: Albatta, bu masalada kamchilik mavjud. Bu masalaning yechimida tegishli vazirliklarning hamkorlikdagi harakati zarur. Ayni paytda davlat tomonidan tegishli idoralarning reja va takliflariga binoan Toshkent shahri ko‘chalarini bosqichma-bosqich rivojlantirish bo‘yicha ish olib borilyapti.

Savol: YHXBB xodimlari YTHni kamaytirish uchun qanday muhandislik yechimlarini rejalashtirmoqda?

Javob: Yo‘l transport hodisalari sonini kamaytirish uchun IIO xodimlari tomonidan tegishli tashkilotlarga yerosti va yerusti yo‘lovchilar o‘tish yo‘llarini qurish bo‘yicha tavsilar berildi.

“O‘zbekiston ovozi” gazetasi vakili

Savol: Piyodalar yo‘laklaridagi tartibsizliklarni oldini olishda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Ya’ni qo‘shimcha yerosti va yer usti piyodalar o‘tish joylarini qurish nazarda tutilmoqdami?

Javob: Piyodalar bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish yo‘nalishida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Ularga “Yo‘l harakati qoidalari” , harakatlanish xavfsizligi talablarini tushuntirish bo‘yicha targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayapti. Jumladan, Toshkent shahrida ayni kunlarda “Diqqat, piyoda” tadbiri o‘tmoqda. Bu tadbirda ichki ishlar organlari xodimlari, milliy gvardiya vakillari va jamoatchilik ishtirok etmoqda. Bu tadbir ommaviy axborot vositalarida keng ko‘lamda yoritilayapti. Mahallalarda, mehnat jamoalarida muhokamalari o‘tkazilmoqda.

Avtomobil yo‘llarida, jumladan piyodalar harakati serqatnov bo‘lgan hududlarda qo‘shimcha yer osti va usti piyodalar o‘tish joylarini barpo etish yuzasidan tegishliligi bo‘yicha barchatashkilot va idoralarga taqdimnoma hamda takliflar kiritilgan.

Savol: Kunning tig‘iz vaqtlarida avtoulovlar yo‘lda harakatlanganda chorrahalar va piyodalar o‘tish joylarida sababsiz signal chalayotgan haydovchilarga qanday choralar ko‘riladi?

Javob: Bu kabi holatlar doimiy ravishda nazorat qilib kelinmoqda. Jumladan, bu ish samaradorligini oshirish maqsadida targ‘ibot ishlari kuchaytirilmoqda. Joylarda signal chalishning zararli oqibatlari aks ettirilgan eslatma va bukletlar, bannerlar chiqarilib avtomobil yo‘llarining ko‘rinarli joylariga o‘rnatilayapti. Jumladan, 2019 yilning o‘tgan 9 oyi davomida sababsiz avtomashina signalini chalgan 15 mingdan ortiq haydovchiga nisbatan ma’muriy tartibda chora ko‘rilgan.

Savol: Shahar ichida baland ovoz chiqaruvchi avtomashinalardan foydalanishga ruxsat etilganmi?

Javob: Keyingi vaqtlarda bu masala ham diqqat markazimizda turibdi. Bu kabi holatlarni bartaraf etish ustida ish olib borilmoqda. Tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda velosport, motosport va avtosport klublarini tashkil etish ustida ish olib borayapmiz. Shunday klublar tashkil etilsa tezlik ishqibozlarini o‘sha klublarga jalb etamiz.

Savol: Tirbandliklarni oldini olish maqsadida kunning tig‘iz vaqtlarida qatnov yuqori bo‘lgan chorrahalarga YPX inspektorlarini qo‘ysa maqsadga muvofiq bo‘lmasmidi?

Javob: Bu kabi holatlar doimiy ravishda nazorat qilib kelinmoqda. Kunning tig‘iz vaqtlarida qatnov yuqori bo‘lgan chorrahalarga YPX inspektorlarining xizmat o‘tashlari belgilab beriladi.

Facebook.com” saytidagi “Voditeli Tashkenta” guruhining vakili Ibragim Raimbayev

Savol: Yo‘llarda qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarni videotasvirga tushirib, ushbu holat haqida Yo‘l patrul xizmati xodimlariga ma’lumot bergan fuqarolarning shaxsini oshkor qilish mumkinmi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 20 sentyabrdagi 747-sonli qaroriga ko‘ra yo‘l harakatini xavfsizligini ta’minlashda fuqarolarning ishtirokini ta’minlash bu bo‘yicha marakazlashgan avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqildi. Ya’ni avtotransport vositalariga o‘rnatilgan videoregistratorlar orqali qayd etilgan qoida buzarliklar dyxx.ejarima.uz saytiga yuboriladi va yuborgan fuqaroning shaxsi oshkor qilinmaydi.

Savol: Bilamizki, fuqarolar va YHXB o‘rtasida bo‘lgan sud jarayonlarida fuqarolar bir necha marotaba yutib chiqdilar. Endilikda mazkur masala yuzasidan qanday to‘xtamga kelinmoqda?

Javob: Hozirgi kunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Moliya vazirligi va “O‘zstandart” agentligi hamkorligida ishchi guruh tashkil etilgan. Mazkur masala ishchi guruh tomonidan o‘rganilmoqda va natijasi bo‘yicha qo‘shimcha axborot beriladi.

Savol: Yo‘llarda harakatlanib ketayotib favqulotda vaziyat tufayli tez tibbiy yordam va yong‘in xavfsizligi xodimlari boshqaruvidagi avtomashinalarga yo‘l berish jarayonida ular tomonidan yo‘l qoidasi buzilganda, haydovchilar bu haqida ma’lum bir vaqtda YPX xodimlariga borib xabar berish o‘rniga ushbu holatlarni avtomatik tarzda qayd etish tizimini yo‘lga qo‘ysa bo‘lmaydimi?

Javob: Savol o‘rinli, avtomatlashtirilgan tizimlar bu kabi holatlarni mustaqil aniqlash imkoniyatga ega emas. Taklifingiz yuzasidan xorij tajribasini o‘rganib, dasturiy-texnik imkoniyatlardan kelib chiqib tizimni “SMS” orqali xabardor qilish funksiyasini joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqamiz.

Savol: Xizmat olib borayotgan yo‘l patrul xizmati xodimining harakatlarini haydovchilar tasvirga tushirsa va ijtimoiy tarmoqqa joylashtirsa bo‘ladimi?

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qaroriga ko‘ra Yo‘l harakati qatnashchilari YPX xodimi bilan o‘zaro munosabatini o‘ziga tegishli audio, foto va video qurilmaga tasvirga olish mumkin. Tasvirga olish ta’qiqlanmagan.

Savol: Avtomashinalarga kuchaytirilgan avtochiroqlarni o‘rnatish mumkinmi?

Javob: Umumiy texnik reglamentga ko‘ra transport vositalari qismlarini ishlab chiqargan zavod tomonidan joriy qilingan texnik tavsifnomasida belgilangan talablarni o‘zgartirish mumkin emas.

Mening yurtim” telekanali “Markaziy studiya” ko‘rsatuvi vakili

Savol: Joriy yilning o‘tgan vaqti davomida respublikamizda qancha o‘lim bilan bog‘liq YTXlar sodir etildi va ushbu ko‘rsatgichlar bo‘yicha mamlakatimiz Markaziy Osiyo davlatlari ichida qanday o‘rinda turadi?

Javob: Joriy yilning o‘tgan 9 oyi davomida Respublika bo‘yicha 1 396 nafar fuqarolar YTH natijasida halok bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 211 taga kamaygan. Vaholanki transport vositalarining soni o‘tgan yilga nisbatan 150 000 taga oshgan. O‘zbe6kiston Respublikasi Markaziy Osiyo davlatlari ichida o‘lim darajasi eng past hisoblanadi.

Sof.uz” saytining vakili

Savol: O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining haydovchilik guvohnomasidan Rossiya Federatsiyasida foydalansa bo‘ladimi?

Javob: Hozirgi yangi namunadagi milliy haydovchilik guvohnomalari Vena konvensiyasiga a’zo bo‘lgan barcha davlatlarida haqiqiy hisoblanadi. Yangi turdagi haydovchilik guvohnomasidan MDHga a’zo mamlakatlarda foydalansa bo‘ladi.