BMTning Din yoki e’tiqod erkinligi masalasi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shahid 2020 yilning boshida yana O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkin, deya xabar qildi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.

Ahmad Shahid ilk bor O‘zbekistonga 2017 yil oktyabrida kelgan edi. Jumladan, u O‘zbekiston shimoli-g‘arbidagi «Jasliq» qattiq tartibli koloniyada bo‘lgandi. 2019 yilning avgustda mamlakat hukumati BMT va xalqaro tashkilotlar tavsiyalari asosida ushbu koloniyani yopishga qaror qildi.

TIV ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Javlon Vahobov Vashingtonda Ahmad Shahid bilan uchrashdi. Tomonlar maxsus ma’ruzachi tashrifi yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan «yo‘l xaritasi»ning amalga oshirish jarayonlarini hamda «E’tiqod erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida"gi qonunning yangi tahriri loyihasini tayyorlash jarayonini ko‘rib chiqdi.

Maxsus ma’ruzachi mamlakatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish va ular faoliyatini amalga oshirish jarayonlarini soddalashtirish hamda diniy ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha erishilgan muvaffaqiyatlarni e’tirof etdi.

BMT vakili O‘zbekiston hukumatining YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi bilan o‘zaro aloqalarini olqishlab, mamlakatda diniy e’tiqod erkinligini himoya qilish sohasidagi islohotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.