Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumanida Tico yengil avtomobili va «ZIL» yuk avtomobili to‘qnashuvi natijasida ikki kishi halok bo‘ldi, jabrlanganlar bor, deya xabar qildi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti matbuot xizmati.

31 oktyabr kuni taxminan soat 10:30 da, fuqaro Sh. T. o‘ziga tegishli Tico rusumli avtomashinasini «Sho‘rbozor-Chiroqchi-Shahrisabz» avtomobil yo‘lining Chiroqchi tumani «Qoraburug‘» qishlog‘i hududidan chiqib keluvchi «4K-84» yo‘lining «4R-342» yo‘li bilan tutashuvchi qismida boshqarib borayotib, fuqaro B.B. boshqaruvidagi «ZIL» rusumli yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yo‘l-transport hodisasini sodir etgan.

Oqibatda, Tico avtomashina haydovchisi Sh. T. va uning yo‘lovchisi B.U. hodisa sodir bo‘lgan joyda vafot etganlar. Bundan tashqari, mazkur avtomashina yo‘lovchilari X.O‘., X.A. va M.A.lar turli darajada tan jarohatlari olib, Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasiga yotqizilganlar.

Mazkur holat yuzasidan 31 oktyabr kuni Chiroqchi tumani bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xuddi shu kuni taxminan 21:40 da Qashqadaryoning Qarshi tumanida Lacetti va Nexia avtomobillari to‘qnashuvida to‘qqiz kishi turli darajada tan jarohatlari oldi.

Xabarda aniqlik kiritilishicha, N.X. o‘zining boshqaruvidagi fuqaro Sh. J.ga tegishli Lacetti rusumli avtomashinasini ishonchnoma orqali Qarshi-Yettitom 4R87 avtomobil yo‘lining Yettitom yo‘nalishi bo‘ylab boshqarib borayotib, ushbu yo‘lning 50 kilometrida, qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlanib kelayotgan fuqaro R.Z. boshqaruvidagi MCHJga tegishli Nexia rusumli avtomashinani yo‘liga chiqib ketgan holda, yo‘l-transport hodisasini sodir qilgan.

Natijada Nexia avtomashina haydovchisi R.Z. va yo‘lovchilar S.U., E.R., S.K.lar hamda Lacetti haydovchisi N.H. va yo‘lovchilar D.S., M.R., G. N., N.N. tan jarohatlari olib shifoxonaga murojaat etishgan.

Mazkur holat yuzasidan Qarshi tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda va natijasiga ko‘ra Jinoyat-protsessual kodeksining 329-moddasi tartibida qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi.