2019 yil 31 oktyabr kuni parlament quyi palatasida o‘tkazilgan navbatdagi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili» Davlat dasturining 2019 yil uchinchi choragidagi bajarilishining borishi to‘g‘risida"gi hisoboti eshitildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Hisobotni bosh vazir o‘rinbosarlari A.Abduhakimov va E.G‘aniyev taqdim etdi.

Deputatlar ta’kidlaganidek, hukumat tomonidan parlamentga oldindan kiritilgan hisobotda barcha muhim masalalar keng qamrovda aks ettirilgan. Jumladan, Davlat dasturining 2019 yil II chorakdagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti bo‘yicha Oliy Majlis palatalari tomonidan qabul qilingan qarorlar ijrosi, Hukumat hamda uning tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralarga yuborilgan parlament hamda deputatlik so‘rovlariga berilgan javoblar chuqur tahlil qilingan, ularning amaliy ijrosi yuzasidan aniq choralar va mas’ullar belgilangan. Bu galgi hisobotning avvalgilaridan ajralib turgan yana bir jihati shundaki, bajarilgan ishlar barobarida hukumat kelgusi chorakda ado etilishi belgilangan rejalarini aniq ob’ektlar, raqamlar orqali oldindan ma’lum qilgan. Hisobotda mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining asosiy ko‘rsatkichlari, makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning izchil rivojlantirishni ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar batafsil bayon qilingan. Ayniqsa, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, jozibador investitsion muhitni yaratish, respublika hududlarining ijtimoiy rivojlanish darajasini ko‘tarish borasidagi ishlar chuqur tahlil etilgan.

Hisobotga ko‘ra, 2019 yilning yanvar-sentyabr oylarida yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,7 foizga o‘sdi. Xususan, sanoat tarmoqlari 7,0 foiz, jami xizmatlar — 12,7 foiz, chakana savdo aylanmasi — 7,0 foiz hamda qishloq, o‘rmon va baliq xo‘jaligi 2,4 foizga ortishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omili sifatida ko‘rsatilgan. Mamlakatda yaratilgan qulay investitsiya muhiti natijasida jalb etilayotgan jami investitsiyalar hajmi 46,0 foizga, qurilish ishlari hajmi esa, 19,3 foizga o‘sgan.

Davlat byudjetining 2019 yil yanvar-sentyabr oylarida daromadlari 79,2 trln. so‘mni (o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,5 baravar ko‘p), xarajatlari esa, 86,5 trln. so‘mni tashkil etdi. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida eng yuqori ulush (53,2 foiz) ijtimoiy xarajatlarga to‘g‘ri keldi.

Hisobot davrida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining aholi va yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni tapg‘ib kilish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini singdirish, xotin-qizlarning mehnat bilan bandligini ta’minlashga qaratilgan 5 ta tashabbusi ijrosini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Joylardagi tadbirkorlik markazlariga murojaat qilgan 2 522 nafar xotin-qizlarga imtiyozli kredit olishda ko‘maklashildi, 35 193 nafari tadbirkorlik faoliyatiga jalb etildi. Xotin-qizlar uchun 53 751 ta ish o‘rinlari yaratildi.

Umuman, Davlat dasturi 274 ta banddan iborat bo‘lib, 2019 yilning to‘qqiz oyida 203 ta band ijrosi belgilangan. 2019 yilning to‘qqiz oyida davlat dasturining 168 ta band ijrosi to‘liq bajarilgan, yakuniga yetkazilmagan 24 ta band bo‘yicha kiritilgan hujjatlar loyihalari ko‘rib chiqilmoqda hamda 11 ta vazifaning muddati belgilangan tartibda uzaytirilgan.

Hukumatning taqdim etilgan hisoboti, unda keltirilgan har bir raqam va dalil deputatlar tomonidan chuqur tahlil qilindi. Davlat dasturida belgilangan muhim ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy vazifalar, chora-tadbirlarning ijrosi holati qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi. Parlament vakillari joylarda saylovchilar bilan uchrashuvlarda aholi tomonidan ko‘tarilayotgan, bevosita Davlat dasturiga daxldor bir qator masalalarga hukumat a’zolarining e’tiborini qaratdilar.

Hukumat hisoboti yuzasidan har bir siyosiy partiya fraksiyasi hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhi vakillari o‘z nuqtai nazarini, tanqidiy mulohaza va takliflarini bayon qildilar.

Xususan, deputatlar davlat rahbarining xorijiy davlatlarga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflari yakunlari bo‘yicha tasdiqlangan «Yo‘l xaritalari»da nazarda tutilgan topshiriqlar ijrosini vazirliklar, idoralar va mahalliy hokimliklar tomonidan o‘z vaqtida ta’minlashda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotganini ta’kidladilar. Bunday kamchiliklar mamlakatga investitsiya oqimi kirib kelishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan qat’iy choralar ko‘rilishi lozimligi qayd etildi. Shuningdek, vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan murojaatlar bilan ishlashda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilishi natijasida 2202 nafar mansabdor shaxsning javobgarlik masalasi ko‘rib chiqilishi mazkur sohadagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yishda, ayniqsa, mansabdorlarning ijro intizomi borasidagi mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qilishi zarurligi ta’kidlandi.

Muhokamalarda Davlat dasturini samarali amalga oshirishda bojxona, shu jumladan, qo‘shilgan qiymat solig‘idan imtiyozlarni taqdim etishga bo‘lgan amaldagi yondashuvni qayta ko‘rib chiqish zarurligiga e’tibor qaratildi. Tadbirkorlikni rivojlantirish, davlat dasturlarini amalga oshirishda mahalliy hokimiyat organlaridagi mavjud byurokratik to‘siq va sub’ektiv omillarni barataraf etish yuzasidan Hukumat alohida ko‘rsatmadan iborat normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqib, qat’iy nazoratni amalga oshirishi lozimligi, zarur hollarda deputatlar bilan bu sohada faol hamkorlikni yo‘lga qo‘yishi foydadan xoli emasligi qayd etib o‘tildi.

Shuningdek, deputatlar sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalariga doir masalalarga e’tibor qaratar ekan, Davlat dasturining 155−166-bandlarida belgilangan Davlat tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish va takomillashtirish, «mablag‘ bino uchun emas, balki bemor uchun» tamoyili asosida ishni tashkil etish, irsiy kasalliklarning oldini olish maqsadida yaqin qarindoshlar o‘rtasida nikohni ta’qiqlash masalasining huquqiy asoslarini takomillashtirish, bu borada targ‘ibot ishlarini amalga oshirish nazarda tutilgan qonun hujjatlari loyihalarining ishlab chiqilmaganini tanqid qildilar.

Shu bilan birga, majburiy tibbiy sug‘urta tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish, sog‘liqni saqlash ehtiyoji uchun ajratilayotgan pul mablag‘larini jamlash va taqsimlash mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadigan Majburiy tibbiy sug‘urta mexanizmlarini joriy etishning huquqiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha belgilangan vazifa ham ortga surilib borayotganiga e’tiroz bildirildi. Oliy ta’lim muassasalarining moliyaviy mustaqilligini ta’minlash, bosqichma-bosqich davlat buyurtmasi, tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt tizimini joriy etish orqali o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjat loyihasi hanuzgacha tasdiqlanmagani tanqid ostiga olindi.

Tadbirda deputatlar, shuningdek, joriy yilning IV choragida Davlat dasturining ijrosi ustidan tizimli ravishda monitoring o‘rnatish, parlament nazoratining barcha shakllaridan unumli foydalanish lozimligini qayd etdilar. Mamlakatning xalqaro reytinglardagi va alohida tarkibiy indikatorlardagi o‘rnini yaxshilash hamda milliy iqtisodiyotga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, qulay investitsiya muhitini yaratish, hududlarimizni ijtimoiy rivojlantirish natijasida aholi farovonligini yanada yaxshilash borasidagi tadbirlarning samarali amalga oshirilishi zarurligi ta’kidlandi. Ayni masalalar yuzasidan deputatlarning Hukumatga taklif va tavsiyalari bildirildi.

Qizg‘in va amaliy, umumiy maqsadlarga erishish uchun o‘zaro tanqid ruhida kechgan savol-javoblardan so‘ng deputatlar hukumat hisobotini ma’qulladilar.

Tadbir yakunida parlament quyi palatasining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha, tegishli yilga mo‘ljallangan Davlat dasturini bajarish yuzasidan Hukumat faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan takliflarni o‘z ichiga olgan qarori qabul qilindi.