Kecha ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahridagi Hazora mahallasida yetim bolani xo‘rlashgani aks etgan video yuzasidan xabar berilgan edi.

31 oktyabr kuni holat bo‘yicha Samarqand shahar ma’muriy sudining ochiq sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi, deyiladi Zarnews.uz axborotida.

Mazkur ish yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida U.H.ni kaltaklagan H.I. va I.Z.ga nisbatan ma’muriy ish ko‘rib chiqildi. Sud majlisida huquqbuzar H.I. o‘z aybini tan olib, sodir qilgan qilmishidan pushaymonligini, qonuniy yengillik berishlarini so‘ragan.

Sudning qaroriga ko‘ra, H.I. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183, 195 va 194-moddasi («Mayda bezorilik», «Ichki ishlar organlari xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatish» hamda «Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik») 1-qismida ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etgan deb topilib, 12 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Huquqbuzar I.Z.ga nisbatan esa 11 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.