Payshanba kuni Buyuk Britaniya va O‘zbekiston hamkorlik kelishuvini imzoladi, deya xabar qildi Britaniya elchixonasi matbuot xizmati. U O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida Buyuk Britaniya bilan bunday kelishuvni imzolagan birinchi mamlakat bo‘ldi.

Rasman Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi sheriklik va hamkorlik kelishuvi deb nomlangan ushbu hujjat Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqi va O‘zbekistonning sheriklik va hamkorlik kelishuvidan chiqishidan so‘ng ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarda uzilishlar bo‘lmasligini ta’minlaydi.

Undan tashqari, Buyuk Britaniya va O‘zbekiston savdo munosabatlarda eng ko‘p qulaylik yaratish maqomini qo‘llashda davom etishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotining a’zosi bo‘lmagani uchun, ushbu kelishuvda mustahkamlab qo‘yilgan huquqiy maqom Britaniya korxonlariga ishonch bilan savdo faoliyatini davom ettirishni imkonini beradi.

Mazkur kelishuvning imzolanilishi kelajakda tashqi aloqalar, siyosiy va xavfsizlik masalarida hamkorlik uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu kelishuv inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligi sohalarida mavjud majburiyatlarni mustahkamlaydi hamda savdo-sotiq, barqaror rivojlanish, tadbirkorlik va sarmoya kiritish kabi yo‘nalishlarda keying hamkorlik istiqbollari uchun asos yaratadi, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, bu hujjat O‘zbekistonning keng ko‘lamli islohotlar dasturini va siyosiy, iqtisodiy va huquqiy sohalaridagi erishilgan natijalarini e’tirof etadi.

Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlou va O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov mazkur kelishuvni Toshkentda imzoladilar.