Ijtimoiy tarmoqlarda «O‘zini Sirdaryoga tashlamoqchi bo‘lgan qiz qutqarib qolindi» sarlavhasi ostida yoritilgan xabar To‘raqo‘rg‘on tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan batafsil o‘rganib chiqildi. Bu haqda Namangan viloyat xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, xabarda bayon etilganidek To‘raqo‘rg‘on tumanidagi umumta’lim maktabida o‘quvchi qiz Mingbuloq tumanida yashovchi otasini ko‘rgani ketayotib, Sirdaryo ko‘prigi ustida to‘xtagan, ammo uning niyati suvga tashlash bo‘lmagan.

Sirdaryo ko‘prigida xizmat faoliyatini olib borayotgan Milliy gvardiyaning viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi xodimlari undan so‘rashganida ham shu haqda aytgan.

Shunga qaramay, Milliy gvardiya xodimlari uni dastlab ichki ishlar bo‘limiga olib kelib, keyin u o‘qiydigan umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kelib, maktab direktori va o‘qituvchilar jamoasi bilan ushbu masalada yig‘ilish o‘tkazishgan. Yig‘ilishda pedagog hodimlarga o‘quvchilar tomonidan o‘z joniga qasd qilish holatlarini oldini olish bo‘yicha tushunchalar berilgan.

Shuningdek, o‘quv yili davomida maktab psixologlari tomonidan suitsidga moyillikni aniqlovchi testlar olinganda, test natijalariga ko‘ra bu o‘quvchida ham suitsidga moyillik kuzatilmagan.

Ushbu holat yuzasidan u bilan suhbatlashilganda ham o‘z joniga qasd qilish niyati yo‘qligini ta’kidlagan.

Holat yuzasidan aytish mumkinki, o‘quvchining maqsadi faqat otasining uyiga borib-kelish bo‘lgan xolos.

Umumta’lim muassasalarida psixologlar, ma’naviyatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va keng jamoatchilik ishtirokida o‘quvchilar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar, ularda psixologik immunitetni kuchaytirish, ruhiy tushkunlik kelib chiqishining oldini olishga qaratilgan tarbiyaviy ishlar, ota-onalar va yaqinlari ishtirokidagi muloqotlar, oila — mahalla — ta’lim muassasasi hamkorligi borasidagi faoliyat doimiy va izchil yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bu boradagi ishlar yanada keng qamrov bilan olib borilmoqda.