Joriy yilning 28 oktyabr kuni telegram messenjerining «Militsiya UZB» kanalida «PPX» xodimlariga hamma narsa mumkin degan video bu" nomi bilan videotasvir tarqalgan edi. Mazkur holat O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Patrul-post xizmati va Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi tomonidan o‘rganib chiqildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, shu yilning 23 oktyabr kuni soat taxminan 09.50 larda Yakkasaroy tumani ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi Navbatchilik qismiga Yakkasaroy tumani «To‘qimachi» mahallasi «Safdosh» ko‘chasida «Nexia» rusumli avtaulovga fuqarolar tomonidan shikast yetkazilgani haqida xabar kelib tushgan.

O‘z navbatida, mazkur video tasvirda aks etgan «UAZ» rusumli avtoulovni boshqarib ketayotgan PPX brigadasining xodimidan voqea joyiga yetib borish so‘ralgan va xodim voqea joyiga zudlik bilan yetib borish uchun harakatlanganida ushbu holat yuz bergan. Mazkur holat yuzasidan xodim bilan tushuntirish ishlari olib borildi.