Payshanba kuni ertalab Pokistonning Panjob provinsiyasida yo‘lovchi poyezdida chiqqan yong‘in natijasida eng kamida 65 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 30 dan ziyod kishi jarohatlandi, deya xabar qildi Pakistan Today.

Poyezd Karachidan Ravalpindiga yo‘l olgan, dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga ovqat tayyorlash uchun ishlatilgan gaz balloni portlashi sabab bo‘lgan.

Ko‘plab yo‘lovchilar yonayotgan poyezd harakatlanib ketayotganda o‘zlarini pastga tashlab hayotini qutqarib qolgan, dedi temir yo‘llar vaziri Shayx Rashid. U temir yo‘lda bir necha soat ichida harakat qayta tiklanishini ma’lum qildi.

Halok bo‘lganlar orasida ayollar va bolalar ham bor, hozircha qurbonlarning hech birining shaxsi aniqlanmadi. Jarohatlanganlarni tashish uchun harbiy vertolyot yuborilgan, ular yaqin atrofdagi shifoxonalarga yetkazilmoqda.