«2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasi prezidentining farmoni imzolandi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Hujjatga ko‘ra 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi (keyingi o‘rinlarda — Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilmoqda:

atrof-muhit ob’ektlarini (atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qa’ri, bioxilma-xillik, qo‘riqlanadigan tabiiy hududlar) antropogen ta’sir hamda boshqa salbiy ta’sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta’minlash;

ekologik jihatdan eng kam xavf tug‘diruvchi materiallardan, mahsulotlardan, ishlab chiqarish ob’ektlari va boshqa ob’ektlardan ustuvor darajada foydalanish;

qo‘riqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish;

zaharli kimyoviy va radioaktiv moddalardan ekologik xavfsiz foydalanishni ta’minlash;

chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;

aholining ekologik madaniyatini shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining shaffoflik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish.

Shuningdek, 2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini 2019−2021 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlanadi.