«O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida bo‘layotgan «InnoWeek — 2019» innovatsion g‘oyalar haftaligi doirasida Xalqaro innovatsion-investitsiya forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Forumda bir qator xorijiy investitsiya kompaniyalari ham ishtirok etmoqda. Haftalikning birinchi kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi Xitoy, Turkiya, Isroil, Polsha va Hindistondan kelgan investorlar bilan ikki tomonlama hamkorlikni nazarda tutuvchi umumiy qiymati 96,5 million dollarga teng bo‘lgan anglashuv memorandumlari va shartnomalar imzoladi.

Ushbu kelishuvlar texnologiyalar transferi, tajriba almashish, qo‘shma innovatsion loyihalarni amalga oshirish, startap va innovatsion loyihalarning qo‘shma tanlovlarini tashkil etish va moliyalashtirish, innovatsion faoliyatni venchur moliyalashtirish va boshqa sohalarda hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga taalluqlidir.

Jumladan, «UBTech Robotics Ltd.» kompaniyasi (Xitoy) bilan sun’iy intellekt, maishiy elektronika, sanoat injiniringi, mashinali o‘qitish, mahsulotlar tadqiqoti va robototexnika yo‘nalishida hamkorlik qilish, «TUYA Smart» kompaniyasi (Xitoy) bilan ilovalar marketingi, korxonalar uchun dasturiy ta’minot, internet, dasturiy ta’minot, veb-ishlanmalar yo‘nalishida hamkorlik qilish, «IMPEL GROUP» kompaniyasi (Polsha) bilan ko‘chmas mulkni boshqarish, ular xavfsizligini ta’minlash va biznes jarayonlarni boshqarish yo‘nalishida hamkorlik qilish, «WaterGen Ltd.» kompaniyasi (Isroil) bilan havodan suv ajratib olish, konditsionerlar suvini tozalash va batareyalardan quvvatlanuvchi mobil suv tozalash, «APCTT UNESCAP» kompaniyasi (Hindiston) bilan texnologiyalar transferi yo‘nalishida tashkiliy masalalar, inson resurslarini rivojlantirish, tadqiqotlar, ishbilarmonlik, sheriklik munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.

Shuningdek, Xitoy Fanlar akademiyasining Shanxay farmakologiya instituti bilan Navoiy viloyatida dorivor substansiyalar ishlab chiqaruvchi zavod qurish bo‘yicha 10 million dollarlik, Turkiyaning «IKI-EL MAKINA INSAAT GIDA SANAYI VE TICARET LTD STI» kompaniyasi bilan qishloq xo‘jaligi mashinalari, un fabrikalari, don saqlash va tomchilab sug‘orish tizimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha 20 million dollarlik shartnomalar tuzildi.

Bundan tashqari, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Xitoyning «ANHUI SHUIʼAN CONSTRUCTION GROUP CO» LTD (SHUIʼAN GROUP) kompaniyasi o‘rtasida alyuminiy qutilar ishlab chiqarish bo‘yicha 66,5 million dollarlik o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.

Haftalik davom etmoqda. Oldinda yana investitsiya shartnomalari va memorandumlar imzolash rejalashtirilgan.