Davlat xavfsizlik xizmati Sirdaryo viloyati Boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida qo‘shni Tojikistondan O‘zbekiston orqali Qozog‘iston Respublikasiga olib o‘tilayotgan ko‘p miqdordagi giyohvand modda ushlab qolindi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Aniqlanishicha, «Soyib» ismli Tojikiston fuqarosi giyohvand moddani kontrabanda yo‘li bilan O‘zbekistonga olib kiradi va Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam sudlangan Shuhrat Asqaraliyev xonadoniga olib boradi.

Geroinni O‘zbekiston orqali tranzit sifatida o‘tkazish ishlarining tashkilotchisi bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi fuqarosi, Turkiston viloyatida istiqomat qiluvchi Elyor Jo‘rayev Shuhrat Asqaraliyev xonadoniga kelib, giyohvand moddalarni qabul qilib oladi.

Tezkor xodimlar tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Elyor Jo‘rayev giyohvand moddani Sirdaryo viloyatiga olib borib, aylanma yo‘llar orqali Qozog‘istonga olib chiqib ketmoqchi bo‘lgan paytida qo‘lga olindi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, E.Jo‘rayevdan ashyoviy dalil sifatida olingan giyohvand modda geroin bo‘lib, jami og‘irligi 20 kg 32 gr.ni tashkil etdi.

Mutaxassislar fikricha, bugungi kunda 20 kg «geroin» moddasining narxi 300 ming AQSH dollaridan ortiq mablag‘ni tashkil qiladi.

Hozirda ushbu holat yuzasidan DXX Sirdaryo viloyati Boshqarmasi tomonidan Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.