29 oktyabr kuni, Osiyo Futbol Konfederatsiyasining maxsus komissiyasi «Bunyodkor» futbol klubiga tashrif buyurdi. Bu haqda klub matbuot xizmati xabar berdi.

Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad «Bunyodkor» futbol klubi akademiyasini ko‘zdan kechirish hamda «Bunyodkor» futbol klubi akademiyasining «ikki yulduzli» maqom talabalariga javob berish masalasini ko‘rib chiqishdan iborat edi.

Baholash komissiyasi a’zolari sifatida yurtimizga OFK vakillari — Laslo Ishtvan Salay hamda Rashid amir Rashid Said al-Badvaviy tashrif buyurdi. Salay OFKning texnik direktori muovini hamda Yoshlar futbolini rifojlantirish boshqarmasi boshlig‘i va Said al-Badvaviy Yoshlar futbolini rivojlantirish boshqarmasi a’zosi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu komissiyaga O‘FAning texnik direktori Shavkat Imomov ham hamrohlik qildi.

Tashrif davomida komissiya a’zolari dastlab «Bunyodkor» futbol klubi hamda «Bunyodkor» stadioni bilan tanishdi. Shundan so‘ng, mehmonlar «Bunyodkor» akademiyasining barcha bo‘g‘inlari bilan batafsil tanishib chiqdi.

Tashrif davomida akademiyada tarbiyalanuvchilarning yashashi va futbol bilan shug‘ullanishi uchun yaratilgan sharoitlar komissiya a’zolarida iliq taassurot qoldirdi. OFK Yoshlar futbolini rifojlantirish boshqarmasi boshlig‘i janob Laslo Salayning dastlabki xulosalaridan aytish mumkinki, «Bunyodkor» futbol klubi akademiyasi OFKning «ikki yulduzli» maqomi talablariga to‘la javob beradi va futbol bilan shug‘ullanish uchun akademiyada barcha sharoitlar yaratilgan. Biroq, bu baholash komissiyasining dastlabki xulosasi, rasmiy qaror bir oy ichida qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, jahon miqyosida futbol akademiyalari uch xil bronza, kumush, oltin yoki «bir yulduzli», «ikki yulduzli», «uch yulduzli» darajada baholanadi. «Barselona», «Ayaks», «Sporting» kabi klublar futbol akademiyalari «uch yulduzli» akademiyalar toifasiga kiradi. «Bunyodkor» futbol klubi akademiyasi Markaziy Osiyodagi «ikki yulduzli» maqomiga talabagor bo‘lgan dastlabki futbol akademiyasi hisoblanadi.