Prokuratura huzuridag departament va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari Farg‘ona viloyatida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida pora talab qilgan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar qildi.

«Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri» davlat korxonasi Oltiariq tuman filiali mutaxassisi E.M. va boshqalar fuqaro O.N.dan unga 5 gektar yer maydonini bog‘dorchilik uchun ajratish haqida tuman hokimining qarorini chiqartirib berish evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.

22 mingAQSH dollari va 28,5 mln. so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan E.M. va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik), 28 (jinoyat ishtirokchilarining turlari) va 211- (pora olish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.