O‘zbekiston prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirish to‘g‘risidagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda «Uzbekistan Airports» AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalarni jalb qilish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida Turkiyaning «Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasiga parvozlarni amalga oshirish uchun ruxsat berildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lumot uchun: «Atlasglobal» (2015 yilgacha «Atlasjet Havacılık A.Ş» deya yuritilgan) — Turkiyaning Yevropa va Osiyo, shuningdek mamlakat ichida muntazam va charter yo‘lovchi aviatashuvlarini amalga oshiruvchi aviakompaniyasi. «ETS Group»ga tegishli ushbu aviakompaniya Istanbuldagi yangi aeroportda joylashgan bo‘lib, Dalamanda qo‘shimcha xabga ega.

Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiya aviakompaniyasi jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek din arboblari va olimlarni jalb qilgan holda ikki charter reysni amalga oshirish rejalashtirilgan.

«Atlasglobal» O‘zbekistonning «Grand Atlas Discovery» kompaniyasi ko‘magida 31 oktyabr — 4 noyabrda Istanbul-Buxoro va Samarqand-Istanbul yo‘nalishidagi birinchi charter reysini amalga oshiradi.

«IATA summer 2020» yoz mavsumidan boshlab esa «Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasi tomonidan ziyorat turizmini rivojlantirish maqsadida 50 aviareysni amalga oshirish rejalashtirilgan, buning natijasida esa O‘zbekistonga 10 mingdan ziyod sayyohning tashrifi kutilmoqda.

https://uzbektourism.uz/cyrl/newnews/view?id=834