29 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan yurtimizda ko‘p kvartirali uylarning holatini yaxshilash maqsadida Renovatsiya dasturini ishlab chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va Qurilish vazirliklarining axboroti eshitildi.

Parlament quyi palatasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, xatlov natijasida respublikadagi jami 34584 ta uylarning aksariyati 1990 yillargacha qurilgan bo‘lib, ularning 18627 tasi g‘ishtli, 14643 tasi yirik panelli va 1314 tasi boshqa konstruksiyali ekanligi aniqlangan.

Xatlov natijasiga ko‘ra, respublikadagi jami ko‘p qavatli uylarning aksariyati 1990 yillargacha qurilgan. Uylarning 13507 tasi ta’mirga muhtoj emasligi aniqlandi. Shuningdek, uylarning 20622 tasi ta’mirga muhtoj, 455 tasida avariya alomatlari mavjudligi ma’lum bo‘lgan, deb xabar qildi O‘zA.

Joriy yilning 1 oktyabr holatida mazkur avariya holatidagi uylarning 285 tasi bo‘yicha hududlardagi loyiha tashkilotlari tomonidan tegishli xulosalar berilib, ularning 57 tasini buzish, 228 tasini ta’mirlash lozimligi qayd etildi.

Dunyoning yirik megapolislar tajribalarini hisobga olgan holda renovatsiya dasturini amalga oshirish zarurligi to‘g‘risida o‘tgan yilning dekabrida prezident Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatida ta’kidlab o‘tgan edi.

Renovatsiya dasturining asosiy maqsadi bu favqulodda holatlarning oldini olish va ko‘p kvartirali uylarda istiqomat qilayotgan fuqarolarning hayoti xavfsizligini ta’minlash maqsadida eskirib qolgan ko‘p qavatli uylar o‘rnida bosqichma-bosqich yangi uy-joylar qurishni nazarda tutadi.

Unda rivojlangan davlatlar tajribasi asosida uylarning yerto‘la va tom qismini teploizolyatsiya qilish, oynalarni zamonaviy romlarga almashtirish, 5 qavatli uylarga zaruratdan kelib chiqib tashqi liftlar o‘rnatish, uylarning fasad qismini shaharsozlik talablari asosida ta’mirlash, issiqlik ta’minoti tarmoqlarini izolyatsiya qilish, energiya tejamkor mexanizmlarni joriy etish orqali samaradorlikni oshirish kabi masalalar rejalashtiriladi.

Tadbirda AQSH, Germaniya, Estoniya, Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston kabi davlatlar tajribalari o‘rganilgani, renovatsiya, sanatsiya kabi yangi tizimlarni mamlakatda joriy etish yuzasidan fikrlar bildirildi.

Takliflar asosida aholi turmush sharoitini yaxshilash, munosib turar joy bilan ta’minlash, xalqimiz farovonligini oshirish, parlament nazorati mexanizmlaridan samarali foydalanish bo‘yicha kelgusida olib boriladigan ishlar belgilab olindi.